O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida harbiy hamkorlik muhokama qilindi

Rossiya mudofaa vaziri O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlik Markaziy Osiyo barqarorligida muhim omil ekanini bildirdi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida harbiy hamkorlik muhokama qilindi

MDH mamlakatlari Mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida harbiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov hamda Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov ishtirok etdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar chog‘ida Rossiya tomoni ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston «strategik sherik va qadrdon do‘st» hisoblanadi.

Barqarorlik masalasi

«Mamlakatlarimizning harbiy sohadagi hamkorligi Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlashning asosiy omillaridan biridir», — deb ta’kidladi Belousov.

O‘z navbatida, Xolmuhamedov Rossiya tomoniga samimiy qabul va uchrashuvning yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

U, shuningdek, muzokaralar davomida xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar hamda harbiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilinganini qayd etdi.

Avvalgi bayonotlar

Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta’minlashda harbiy hamkorlikning roli haqidagi bayonotlar Rossiya hukumati tomonidan avval ham bir necha bor yangragan.

Jumladan, Vladimir Putin 2025 yilda Tojikistondagi Rossiya harbiy bazasini mintaqa xavfsizligining muhim kafolati sifatida baholagan.

Теглар