O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulot uchun xomashyoga import bojlari bekor qilinadi
Hukumat mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15 turdagi mahsulot uchun zarur xomashyo importida bojlarni bekor qilishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda ayrim mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo va butlovchi qismlar importiga bojxona bojlari bekor qilinishi kutilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, amaldagi tarif siyosatida “tarif inversiyasi” holatlari kuzatilmoqda. Ya’ni, tayyor mahsulotlar import qilinishi arzonroq, ammo shu mahsulotlarni mamlakat ichida ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyolarga yuqori bojlar qo‘llanmoqda.
Bunday vaziyat mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini pasaytirib, ayrim korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashini cheklamoqda. Shuningdek, geosiyosiy vaziyat tufayli ayrim mamlakatlardan xomashyo yetkazib berishda notarif to‘siqlar ham yuzaga kelayotgani qayd etildi.
Hukumat bu muammoni hal etish maqsadida “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi doirasida xomashyo importiga bojlarni bekor qilishni taklif etmoqda. Bu mexanizm orqali tadbirkorlar xomashyoni bojsiz olib kirib, tayyor mahsulotni ichki bozorda sotishi mumkin bo‘ladi.
Xodjayev qandolat mahsulotlari misolida vaziyatni tushuntirib, ayni paytda shokolad va boshqa shirinliklarni import qilish mahalliy ishlab chiqarishdan arzonga tushayotganini bildirdi. Bunga asosiy sabab — tayyor mahsulotlarga bojlar yo‘qligi, ammo xomashyoga bojlar saqlanib qolganidir.
Yangi tartib doirasida 15 turdagi mahsulot uchun xomashyo importida bojlar bekor qilinishi mumkin. Ular qatoriga:
— elektr skuterlar;
— nogironlik aravachalari;
— kungaboqar yog‘i;
—marmeladlar;
— karamelli shirinliklar;
— shokolad;
— bolalar ozuqasi;
— tez tayyorlanadigan ugra;
— pryanik va pechenelar;
— vaflilar;
— piroglar;
— kekslar;
— jem va murabbolar;
— konservalangan qulupnay;
— shakarli ichimliklar kabi mahsulotlar kiradi.
Rasmiylarga ko‘ra, bu chora mahalliy ishlab chiqaruvchilar xarajatlarini kamaytirib, ichki bozorda raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.





