O‘zbekistonda doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi va OAK Fanlar akademiyasiga o‘tkaziladi

Кеча 23:152 дақиқа

Dissertatsiya himoyasidagi ortiqcha byurokratiya 50 foizga qisqartiriladi.

O‘zbekistonda doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi va OAK Fanlar akademiyasiga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi, Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) faoliyati Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkaziladi hamda dissertatsiya himoyasi jarayonlaridagi tartib-taomillar 50 foizga qisqartiriladi. Bu haqda 25-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, suv resurslari, yangi materiallar va seysmologiya kabi ustuvor sohalardagi doktorantlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etiladi. Stipendiyalarni oshirish bilan birga, ilmiy tadqiqotlar uchun asbob-uskuna va reagentlar xaridiga har yili qo‘shimcha mablag‘ ajratib borilishi nazarda tutilmoqda.

OAK tizimidagi o‘zgarishlar va raqamlashtirish

Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimida tashkil qilish orqali ilmiy kengashlar mas’uliyati oshirilib, ularning faoliyati reyting asosida baholanadi. Ilmiy daraja berish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilishi hisobiga ortiqcha byurokratiya qisqaradi. Xususan, ko‘p sonli hujjatlarni chop etish, avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlash va dissertatsiyalarni takroran muhokama qilish bilan bog‘liq talablar bekor qilinadi. Bu izlanuvchilarga vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi.

Iqtisodiyot bilan integratsiya va yangi dasturlar

Ilm-fan va iqtisodiyotning real sektori integratsiyasini kuchaytirish maqsadida yangi dasturlar yo‘lga qo‘yiladi:

«Loyiha doirasida ilmiy daraja»
«Amaliy doktorantura»

Ushbu dasturlar doirasida falsafa doktori (PhD) darajasi ishlab chiqarish ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, real sektor korxonalari bilan hamkorlikdagi amaliy loyihalar doirasida olinadi.

Baholash, nazorat va xalqaro hamkorlik

Taqdimotda ilmiy faoliyatga oid yana bir qator o‘zgarishlar belgilab berildi:

• Muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha ilmiy rahbarlarni xalqaro faolligiga qarab, natijaga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.

• Ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va baholash jarayoniga xalqaro ekspertlar jalb qilinib, shaffoflik oshiriladi.

• Olimlarning ilmiy faoliyatini kuzatishning yagona raqamli tizimi hamda tadqiqot sifati ustidan ta’sirchan monitoring yo‘lga qo‘yiladi.

• Xorijdagi tajribali vatandosh olimlar ishtirokida Ilm-fan maslahat kengashi tashkil etiladi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni puxta ishlab chiqish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish muhimligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Теглар

Мавзуга оид