O‘zbekistonda eng ko‘p pensionerlar qaysi hududda yashaydi?
Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda pensionerlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,8 foizga ko‘paygan.
© wildernesstravel.comO‘zbekistonda eng ko‘p pensioner Farg‘ona viloyatida yashaydi va u yerda har sakkizinchi kishi pensiya oladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasining hisobotida keltirilgan.
2026-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 4 million 361 ming 432 kishi pensiya oladi. Boshqacha aytganda ular umumiy aholining taxminan 11 foizini tashkil qiladi, ya’ni har 100 kishidan taxminan 11 nafari pensiya oladi. Ular orasidan 3 million 617 ming 889 nafari yoshga doir (umumiy pensionerlarning qariyb 83 foizi), 482 ming 243 nafari nogironlik (11 foiz), 261 ming 300 nafari boquvchisini yo‘qotganlik (6 foiz) pensiyasini oladi.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan pensionerlar soni 158 ming 897 (+3,8 foiz) nafarga ko‘paygan. Shundan, yoshga doir pensiya 139 ming 940 (+4,0 foiz) nafarga, boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha pensiya oluvchi oilalar 12 ming 224 (+4,9 foiz) va nogironlik pensiyalari 6733 (+1,4 foiz) nafarga oshgan.
O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori 1 million 688 ming so‘m, eng kami esa 878 ming so‘m.
Hududlar kesimida pensiya oluvchilar

To‘rtta hudud — Farg‘ona, Samarqand, Andijon va Qashqadaryo — jami pensionerlarning 41 foizini qamraydi. Eng kichik ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida (111 ming 319) — Farg‘onadan 4,6 baravar kam. 2026-yil 1-iyul holatiga hududlar bo‘yicha pensiya oluvchilar sonida eng yuqori nogironlik pensiyasini oluvchilar ulushi Navoiy viloyatida — 18,2 foiz, Sirdaryo viloyatida — 17,7 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 15,3 foiz.
1-iyuldan pensiya va nafaqalar oshirildi. Unga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘mni, nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori oyiga 1 million 83 ming so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda pensiya hisoblanadigan ish haqi davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi mumkinligi aytilgandi.





