O‘zbekistonda ipoteka bozori 39 foizga o‘sdi
2026-yilning birinchi yarmida ipoteka kreditlari hajmi 13,1 trln so‘mni tashkil etdi. Qarz oluvchilar soni ham 34,8 foizga oshib, 42,6 ming kishiga yetdi.
© vaqt.uz2026-yil yanvar—iyun oylarida O‘zbekiston banklari 13,1 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning mos davridagi 9,44 trln so‘mga nisbatan 3,7 trln so‘mga yoki qariyb 39 foizga ko‘p.
Shu davrda ipoteka kreditini olganlar soni 31 589 nafardan 42 575 nafarga yetdi. Bu bir yil ichida 10 986 nafarga yoki 34,8 foizga o‘sish demakdir. Bir ipoteka kreditining o‘rtacha miqdori ham oshib, 299 mln so‘mdan 308 mln so‘mgacha yetdi.
Ipoteka oluvchilarning 54 foizini erkaklar, 46 foizini ayollar tashkil etdi. Asosiy qarz oluvchilar esa 31–50 yosh toifasiga to‘g‘ri kelib, ular jami ipotekalarning 65 foizini rasmiylashtirgan.
Ajratilgan mablag‘larning 9,8 trln so‘mi yoki 75 foizi birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirildi. Ikkilamchi bozor uchun esa 3,3 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratildi. Har ikki segmentda ham o‘tgan yilga nisbatan o‘sish qayd etildi.
Hududlar kesimida
Eng ko‘p ipoteka krediti Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda ajratilgan mablag‘lar hajmi 2,96 trln so‘mdan 4,01 trln so‘mgacha oshib, qariyb 36 foizlik o‘sish qayd etildi.
Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati — 1,11 trln so‘m, Qashqadaryo viloyati — 963 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyati — 888 mlrd so‘m va Surxondaryo viloyati — 834 mlrd so‘m joylashdi.
Eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo viloyati (356 mlrd so‘m), Jizzax viloyati (414 mlrd so‘m), Buxoro viloyati (505 mlrd so‘m) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (508 mlrd so‘m) qayd etildi.
Eng ko‘p kredit ajratgan banklar
Banklar orasida «Xalq banki» 2,2 trln so‘mlik ipoteka krediti bilan yetakchilik qildi. Keyingi o‘rinlarni «Agrobank» (1,96 trln so‘m), «Milliy bank» (1,68 trln so‘m), «Ipoteka bank» (1,58 trln so‘m) va «SQB» (1,29 trln so‘m) egalladi.
Stavkalar arzonlashdi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, respublika budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 17,5 foizdan 16,8 foizga tushdi.
Banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan beriladigan ipoteka kreditlarida ham stavka 23,5 foizdan 20,1 foizgacha pasaydi.





