Logo

O‘zbekistonda olti oy ichida jami 772 mlrd so‘mlik dekret pullari to‘lab berilgan

Бугун 16:541 дақиқа

2026-yilning yanvar-iyun oylarida 66 mingdan ortiq ayollar homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olgan.

O‘zbekistonda olti oy ichida jami 772 mlrd so‘mlik dekret pullari to‘lab berilgan

2026-yilning olti oyida Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan 66 mingdan ortiq ayolga homiladorlik va tug‘ish (dekret) nafaqasi to‘lab berildi. Bu haqda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi rahbari Nodir Musliddinov O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Musliddinovga ko‘ra, olti oy davomida dekret nafaqalarini moliyalashtirish uchun jami 772 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Nafaqa oluvchilarning 55 ming nafari yoki 83 foizi davlat sektorida, 11 ming nafari yoki 17 foizi esa xususiy sektorda faoliyat yurituvchi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xususiy sektorda ishlovchi ayollar uchun ajratilgan dekret to‘lovlari hajmi 163 milliard so‘mni tashkil etgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ushbu sektorda nafaqa olganlar soni 6 ming nafardan 11 ming nafarga yetib, qariyb ikki baravar oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-yanvardan boshlab xususiy sektorda ishlovchi ayollar uchun dekret pullarini hisoblashning yangi tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, ular ham davlat xizmatchilari kabi oxirgi bir yildagi o‘rtacha oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida nafaqa olish huquqiga ega bo‘ldi va ushbu to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplanmoqda.

Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan e’tiboran xususiy va davlat sektoridagi xodimlarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqalari ham yagona tartib asosida Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali to‘lanmoqda.

Теглар

Мавзуга оид