Logo

O‘zbekistonda palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etish taklif qilindi

Бугун 20:012 дақиқа

Palma yog‘i uchun tonnasiga 139 dollar (mahsulot qiymatining qariyb 10 foizi) miqdorida aksiz solig‘i joriy etish taklif qilindi. Tashabbus amalga oshirilsa, davlat budjetiga yiliga qo‘shimcha 21,7 mlrd so‘m tushum kelishi mumkin.

O‘zbekistonda palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etish taklif qilindi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti O‘zbekistonda palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etishni taklif qildi.

Taklifga ko‘ra, import qilinadigan palma yog‘i uchun tonnasiga 139 dollar miqdorida spetsifik aksiz stavkasi belgilanishi mumkin. Bu taqdimotdagi valuta kursi bo‘yicha taxminan 1,7 mln so‘mga teng. Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur stavka import mahsuloti qiymatining qariyb 10 foizini tashkil etadi.

2026-yilda palma yog‘ining o‘rtacha import qiymati tonnasiga 1388 dollar deb baholangan. Yillik import hajmi 12 789 tonna bo‘lgan taqdirda, davlat budjetiga qo‘shimcha 21,7 mlrd so‘m tushum kelishi mumkinligi qayd etilgan.

Nima uchun aksiz taklif qilinmoqda?

Taqdimot mualliflariga ko‘ra, palma yog‘ining bozor narxi uning aholi salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimiga keltirishi mumkin bo‘lgan xarajatlarni hisobga olmaydi. Shu bois iqtisodiy nazariyada bunday mahsulotlarga aksiz qo‘llash tashqi ta’sirlarni qoplash vositasi sifatida qaraladi.

Institut, shuningdek, iste’molchilar mahsulotning ehtimoliy salbiy ta’siri haqida doimo yetarli ma’lumotga ega emasligini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, palma yog‘ining asosiy qismi tayyor oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida iste’mol qilinishi sababli, mahsulotni markalash xaridor tanloviga har doim ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Mualliflar fikricha, aksiz solig‘i esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri narx orqali ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Taqdimotda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2016-yilgi hisobotiga ham tayanilgan. Unda to‘yingan yog‘lar miqdori yuqori mahsulotlarni soliqqa tortish yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish vositalaridan biri sifatida qayd etilgan. Shuningdek, Jahon bankining yondashuviga ko‘ra, bunday soliqlar iste’molga ta’sir qilish bilan birga, budjet uchun qo‘shimcha barqaror daromad manbai ham bo‘lishi mumkin.

Import hajmi kamaymoqda

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga palma yog‘i importi so‘nggi yillarda qisqarmoqda. 2024 yil yakunlarida import hajmi 39,7 ming tonnadan 24,2 ming tonnaga tushib, qariyb 40 foizga kamaygan. Import qiymati ham 46 foizga qisqarib, 27 mln dollarni tashkil etgan.

2026-yilning birinchi yarmida mamlakatga 8,88 mln dollarlik 6394 tonna palma yog‘i olib kirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan hajm jihatidan 22,9 foizga, qiymat bo‘yicha esa 16,4 foizga kam. Biroq o‘rtacha import narxi tonnasiga 1281 dollardan 1388 dollargacha, ya’ni 8,4 foizga oshgan.

Shu bilan birga, institut mazkur tashabbus tahliliy xususiyatga ega ekanini, u hozircha rasmiy qaror yoki qonun loyihasi emasligini alohida ta’kidlagan.

Теглар

Мавзуга оид