O‘zbekistonda xorijlik talabalar soni keskin oshdi

Бугун 10:251 дақиқа

2026-yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonga o‘qish maqsadida kelgan xorijliklar soni 2,3 barobarga oshib, eng yuqori ko‘rsatkich Turkmaniston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonda xorijlik talabalar soni keskin oshdi © hse.ru

2026-yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonga o‘qish maqsadida kelgan chet el fuqarolari soni 15 124 nafarni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 8,5 ming nafarga ko‘p bo‘lib, 2,3 barobarlik o‘sishni anglatadi. Bu esa mamlakat ta’lim tizimiga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Xorijlik talabalar asosan qo‘shni davlatlardan kelmoqda. Jumladan, eng yuqori ko‘rsatkich Turkmaniston hissasiga to‘g‘ri kelib, 7 174 nafar talabani tashkil etgan. Shuningdek, Hindistondan 2 835 nafar, Tojikistondan 1 170 nafar talabalar kelgan.

Qolgan davlatlar orasida Xitoy (641 nafar), Qirg‘iziston (483 nafar), Pokiston (438 nafar), Misr (353 nafar), Janubiy Koreya (342 nafar), Filippin (286 nafar) va AQSH (191 nafar) kabi mamlakatlar qayd etilgan. Boshqa davlatlar hissasiga esa 1 211 nafar to‘g‘ri keladi.

Yillar kesimida xorijlik talabalar soni qanday o‘zgardi?

2022/2023-o‘quv yili — 5,0 ming nafar;

2023/2024-o‘quv yili — 10,8 ming nafar;

2024/2025-o‘quv yili — 12,5 ming nafar.

Nega xorijiy talabalar O‘zbekistonni tanlamoqda?

Nisbatan arzon ta’lim;

Rus va ingliz tillarida o‘qitish imkoniyati;

Nufuzli xorijiy universitetlar filiallarining ochilishi;

Vizasiz kirish yoki soddalashtirilgan tartibdagi migratsiya siyosati.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda xorijlik talabalar soni keskin oshdi | Vaqt.uz