Logo

O‘zbekistonda yarim yilda uy-joy savdosi 25 foizdan ko‘proqqa oshdi

Eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahri, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida kuzatildi.

O‘zbekistonda yarim yilda uy-joy savdosi 25 foizdan ko‘proqqa oshdi

2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda 171 mingdan ortiq ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,3 foizga yoki 34,5 mingtaga ko‘p. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida ma’lum qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, iyun oyida ham bozordagi faollik sezilarli darajada oshgan. O‘tgan oyda 25 mingdan ortiq ko‘chmas mulk bitimi rasmiylashtirilib, may oyiga nisbatan o‘sish 23 foizni tashkil etgan.

Mutaxassislar fikricha, bozordagi yuqori faollik aholining uy-joyga bo‘lgan talabi saqlanib qolayotgani hamda ipoteka moliyalashtirish hajmi oshgani bilan izohlanadi.

Qaysi hududlar yetakchi?

Iyun oyida oylik o‘sish sur’ati bo‘yicha Buxoro viloyati 50,1 foiz bilan yetakchilik qildi. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati 41,5 foiz va Samarqand viloyati 31,8 foizlik o‘sish bilan qayd etildi.

Yillik taqqoslashda esa eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida kuzatildi. Poytaxtda bitimlar soni o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 35,7 foizga oshgan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida o‘sish 26,9 foiz, Navoiy viloyatida 26,3 foiz va Qoraqalpog‘istonda 23,3 foizni tashkil etgan.

Yarim yillik natijalar bo‘yicha ham Sirdaryo viloyati 36,4 foizlik o‘sish bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahri 34,9 foiz va Navoiy viloyati 30 foizlik o‘sish bilan qayd etildi.

ce

CERR



Ipoteka ham o‘smoqda


2026 yilning birinchi yarmida aholiga 13,1 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 38 foiz ko‘pdir.

Jami 42,6 ming nafardan ortiq fuqaro ipoteka krediti olgan bo‘lib, ajratilgan mablag‘larning 75 foizi birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirilgan. Hududlar kesimida eng katta ipoteka mablag‘i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, poytaxtda 4,01 trln so‘mlik ipoteka kreditlari berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mutaxassislar O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurishda eskrou tizimining joriy etilishi uy-joy narxini oshirishi mumkinligi haqida aytgan edi.

Теглар

Мавзуга оид