O‘zbekistondagi AES qurilishiga rasman start berildi
Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga start berdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokida O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga rasman start berildi. Marosimda teleko‘prik orqali Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ham qatnashdi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin hamda Rafael Grossiga mazkur strategik loyihani shaxsan qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasini barpo etishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislarining mehnati alohida e’tirof etildi.
Loyiha O‘zbekistonning texnologik, sanoat va ilmiy rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi. U mamlakatda yangi tarmoq — atom energetikasini shakllantirish uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi. Qayd etilishicha, loyiha kichik modulli atom generatsiyasi hamda yirik quvvatli energetika sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan.
Xavfsizlik ustuvor vazifa
Marosimda davlat rahbari atom energetikasi sohasida xavfsizlik mutlaq ustuvor shart ekanini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, stansiyani qurish va ishga tushirishga tayyorlash jarayonlari eng yuqori xalqaro standartlar asosida amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, qurilish ishlari ilg‘or muhandislik yechimlari asosida tashkil etilgan bo‘lib, jarayonlar Xalqaro atom energiyasi agentligining doimiy nazorati ostida olib borilmoqda.
Strategik hamkorlik ramzi
Tomonlar ushbu yirik energetika loyihasi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Mutaxassislar fikricha, atom elektr stansiyasi kelgusida mamlakatning o‘sib borayotgan energiya ehtiyojini qoplash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarini barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlash va energetika manbalarini diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.





