Logo

O‘zbekistondagi savdo korxonalarining 22,4 foizi poytaxtda joylashgan  — statistika

Бугун 14:352 дақиқа

Jami ko‘rsatkich 181 mingdan oshgan. Hududlar kesimida esa eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda, eng pasti Sirdaryoda qayd etildi.

O‘zbekistondagi savdo korxonalarining 22,4 foizi poytaxtda joylashgan  — statistika © Ijtimoiy tarmoqlar

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabr holatiga O‘zbekistonda savdo sohasida 181 ming 146 ta korxona va tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ularning 40 ming 529 tasi Toshkent shahrida joylashgan. Bu respublikadagi jami savdo korxonalarining 22,4 foizini tashkil etadi.

Hududlar orasida ikkinchi o‘rinni Toshkent viloyati egallagan. U yerda 18 ming 759 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning respublikadagi umumiy ko‘rsatkichdagi ulushi 10,4 foizga teng.

Samarqandda esa 17 ming 387 ta savdo korxonasi ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu jami ko‘rsatkichning 9,6 foizini tashkil qiladi. Shu tariqa, Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Samarqand hissasiga mamlakatdagi barcha savdo korxonalarining 42,4 foizi to‘g‘ri keladi.

Farg‘ona 14 ming 968 ta korxona bilan keyingi o‘rinda turibdi. Bu respublikadagi savdo korxonalarining 8,3 foizidir.

Qashqadaryoda 11 ming 049 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning ulushi 6,1 foizga teng. Andijonda 10 ming 721 ta, Namanganda esa 10 ming 644 ta korxona qayd etilgan. Har ikki hududning umumiy ko‘rsatkichdagi ulushi mos ravishda 5,9 foizdan.

Surxondaryoda savdo sohasidagi korxonalar soni 10 ming 083 tani tashkil etgan. Bu mamlakat bo‘yicha jami korxonalarning 5,6 foizidir.

Xorazmda 9 ming 825 ta (5,4 foiz), Buxoroda 9 ming 223 ta (5,1 foiz) va Navoiyda 8 ming 342 ta (4,6 foiz) savdo korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Qoraqalpog‘istonda esa ushbu ko‘rsatkich 8 ming 180 taga teng bo‘lib, respublikadagi jami korxonalarning 4,5 foizini tashkil etadi.

Jizzaxda savdo sohasidagi korxonalar soni 6 ming 733 tani tashkil qilgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 3,7 foiziga to‘g‘ri keladi. Sirdaryo esa hududlar orasida eng kam ko‘rsatkichni qayd etgan. Viloyatda jami 4 ming 703 ta savdo korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning respublikadagi ulushi 2,6 foizga teng.

Eng ko‘p va eng kam ko‘rsatkich qayd etilgan hududlar taqqoslanganda esa, Toshkent shahridagi savdo korxonalari soni Sirdaryodagidan qariyb 8,6 barobar ko‘p ekani ma’lum bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvlroq O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida qancha oziq-ovqat ishlab chiqarilgani ma’lum qilingandi.

Теглар