O‘zbekistonga ko‘chib keluvchilar orasida Rossiya fuqarolari yetakchilik qilmoqda

Бугун 12:551 дақиқа

Xorijdan ko‘chib kelgan fuqarolarning asosiy qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelib, umumiy ko‘rsatkichning 34,1 foizini tashkil etgan.

O‘zbekistonga ko‘chib keluvchilar orasida Rossiya fuqarolari yetakchilik qilmoqda

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan jami 721 nafar kishi doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan.

Ko‘chib kelganlarning eng katta qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, ular umumiy ko‘rsatkichning 34,1 foizini tashkil etgan. Qozog‘istondan kelganlar ulushi 19,7 foiz, Tojikistondan kelganlar esa 12,2 foiz bo‘lgan.

Shuningdek, Qirg‘izistondan kelganlar 4,9 foizni, Turkmanistondan ko‘chib kelganlar 3,7 foizni tashkil etgan. Boshqa davlatlar hissasiga esa umumiy ko‘rsatkichning 25,4 foizi to‘g‘ri kelgan.

Ko‘chib keluvchilar qaysi hududlarga joylashgan?

Hududlar kesimida eng ko‘p ko‘chib keluvchilar Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtga 454 nafar xorij fuqarosi doimiy yashash uchun joylashgan.

Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 126 nafar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 56 nafar bilan qayd etilgan.
Shuningdek, Samarqand viloyatiga 14 nafar, Farg‘ona va Xorazm viloyatlariga 11 nafardan, Sirdaryo viloyatiga 10 nafar, Navoiy viloyatiga 9 nafar, Buxoro viloyatiga 8 nafar kishi ko‘chib kelgan.

Andijon viloyatiga 6 nafar, Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlariga 5 nafardan, Qashqadaryo viloyatiga esa 1 nafar xorij fuqarosi doimiy yashash uchun joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekistonga 4 million nafar xorijiy turist tashrif buyurgan. Turizm xizmatlari eksporti esa 1,6 milliard dollarga yetgan.

Теглар

Мавзуга оид