O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari uch oyda 3,8 mlrd dollarga yetdi

Бугун 15:401 дақиқа

2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli o‘sib, ichki valuta bozoridagi asosiy omillardan biriga aylandi.

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari uch oyda 3,8 mlrd dollarga yetdi © myseldon

2026 yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 3,79 mlrd dollarni tashkil etdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga yoki 433 mln dollarga ko‘pdir.

Tahlillarga ko‘ra, pul o‘tkazmalari mamlakatdagi valuta taklifining muhim manbalari qatorida qolmoqda. Xususan, 2025 yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 3,36 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 2,5 mlrd dollar darajasida qayd etilgan.

0

Oylar kesimida eng yuqori hajm mart oyiga to‘g‘ri kelgan. Yanvar va fevral oylarida 1,23 mlrd dollardan pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan bo‘lsa, mart oyida bu ko‘rsatkich 1,33 mlrd dollarga yetgan.

Mart oyidagi o‘sish dinamikasi ham e’tiborga molik. U 2025 yilning shu davriga nisbatan qariyb 10 foizga, 2024 yil mart oyiga nisbatan esa 38 foizga oshgan.

Shu bilan birga, 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistondan xorijga 604 mln dollar pul o‘tkazilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39 mln dollarga kamayganini anglatadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, chet el valutasi taklifining oshishiga eksport tushumlari, banklarning tashqi qarzlari va pul o‘tkazmalari asosiy hissa qo‘shgan. Aholi tomonidan valuta sotuvining ko‘payishi esa bozorda qo‘shimcha barqarorlikni ta’minlagan.

Ma’lumot uchun, 2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 18,9 mlrd dollarni tashkil etgan va bu 2024 yilga nisbatan 27,2 foizga yuqori bo‘lgan.

Теглар

Мавзуга оид