Logo

O‘zbekistonliklar endi Belarusda 10 kun ro‘yxatdan o‘tmasdan yurishlari mumkin

Avval ikki davlat fuqarolari bir-birining hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan 3 kun davomida bo‘lishlari mumkin edi.

O‘zbekistonliklar endi Belarusda 10 kun ro‘yxatdan o‘tmasdan yurishlari mumkin © Foto: president.uz

O‘zbekiston va Belarus fuqarolarining ikki davlat hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddati 3 kundan 10 kunga uzaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Amir Sultonov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli o‘zgartishlar ikki davlat rahbarlari ishtirokida imzolangan Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnomada aks ettirilgan.

«Bu, shubhasiz, qarindoshlar va do‘stlarni yo‘qlash, sayyohlik va ishbilarmonlik tashriflarini sezilarli darajada qulayroq qiladi», — dedi Amir Sultonov.

Eslatib o‘tamiz, 9-iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tardi. Ushbu tashrif doirasida davlat rahbarlari tomonidan strategik sheriklikni o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi hamda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, agrosanoat, ijtimoiy himoya va ilmiy-texnik sohalarni qamrab oluvchi jami 16 ta ikki tomonlama hujjat, jumladan, fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bayonnoma tasdiqlandi.

Теглар

Мавзуга оид