O‘zbekistonliklar pullarini asosan qayerda saqlamoqda?

Бугун 17:503 дақиқа

Markaziy Bank aholi orasida so‘rov o‘tkazib, odamlarning pulni qay tarzda saqlayotgani haqida ma’lumotlarni e’lon qildi.

O‘zbekistonliklar pullarini asosan qayerda saqlamoqda?

O‘zbekistonda aholining yarmidan ko‘pi jamg‘armalarini bankda emas, uyida yoki hamyonida naqd pul ko‘rinishida saqlamoqda. Bu haqda 2025 yil yakunlari bo‘yicha Markaziy Bank o‘tkazgan so‘rovnoma (1200 nafar respondent) natijalarida keltirilgan.

So‘rovda qatnashganlarning 50 foizdan ortig‘i jamg‘arma pullarini uyda yoki hamyonda naqd holda saqlashini bildirgan. Bu esa aholi jamg‘arma qilishda bank tizimidan ko‘ra tez va erkin foydalanish mumkin bo‘lgan usullarga ustuvor ahamiyat berayotganini anglatadi.

Atigi 7 foiz aholi esa pullarini rasmiy vositalar orqali jamg‘arayotganini ma’lum qilgan. 

Rasmiy jamg‘armalarda pul to‘plash umumiy hisobda past bo‘lsa-da, 2021 yilga nisbatan sezilarli o‘sish kuzatilgan. O‘sha yilda 2,6 foiz respondent pulini rasmiy jamg‘armalarda to‘plagan. 

Shuningdek, pullarini chorva, mol-mulk yoki jamg‘arishning boshqa usullari bilan to‘playotganlar 8 foizni, norasmiy jamg‘arma guruhida pul yig‘ayotgan esa taxminan 7 foizni tashkil etgan. 1,5 foiz respondent mablag‘larini jamg‘arish uchun oila a’zolarini berishini aytgan.

1

Pulni uyda saqlash qanchalik zararli? 

O‘zbekistonliklarning aksariyat qismi pulni uyda yoki o‘z cho‘ntagida saqlayotgan bo‘lsada, bu aslida ular uchun moliyaviy jihatdan noto‘g‘ri qaror hisoblanadi. 

2025 yilda mamlakatda inflatsiya ko‘rsatkichi 7,3 foizni tashkil qildi. Yil davomida go‘sht, yog‘ va tuxum kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi sezilarli o‘sdi. 

Yil boshida 1 mln so‘m pulni “yostiq ostida” saqlab qo‘ygan aholi, yil oxiriga kelib inflatsiya tufayli bu pulni kamroq miqdorda mahsulot va xizmatlarga sarfladi. 

O‘zbekistonliklarni bir qismi jamg‘armalarini dollarda shakllantirishga o‘rganib qolgan. 2025 yil dollarda pul saqlaydiganlar uchun yanada zararli bo‘ldi. 

O‘tgan yili tarixda birinchi marta dollar so‘mga nisbatan o‘z qiymatini yo‘qotdi — yil boshida 1 dollar 12 904,91 so‘m edi, yil oxirida 12 025,33 so‘mga tushdi. 

Shu sababli dollarda jamg‘aruvchi aholi inflatsiyadan so‘mda jamg‘aruvchi aholidan ham ko‘proq jabr ko‘rdi. 

Omonat ochish darajasi past

Markaziy bank so‘rovnomasidan aholi ko‘chmas-mulk va omonat kabi xavfsizroq qaraladigan jamg‘arma vositalaridan ancha kam foydalanishi ma’lum bo‘ldi. 

Umumiy respondentlarning atigi 7 foizi o‘z jamg‘armalaridan foiz daromadi olayotganini aytgan. Bu esa aholining aksariyat qismi pullarini norasmiy yoki foiz to‘lanmaydigan hisoblarda jamg‘arayotganini ko‘rsatadi. 

O‘tkazilgan so‘rovlarda 73 foiz aholi omonatlardan xabardorligini ma’lum qilgan. Lekin xabardorlik yuqori bo‘lsa-da, jamg‘arma qilish odatlari past darajada qolmoqda. 

2025 yil davomida aholi banklarda 21-22 foiz atrofida omonat ochgan. Bu esa jamg‘armani inflatsiyadan yaxshigina himoya qilib, pulni ko‘paytirish imkonini ham beradi. 

Jamg‘arma to‘plamaydiganlar

Shu bilan birga, respondentlarning 39 foizi umuman jamg‘arma to‘plamasligini aytgan. Bu holat ayniqsa shimoliy va g‘arbiy hududlarda yuqori bo‘lib, u yerda jamg‘arma qilmaydiganlar ulushi 54 foizga yetadi. Aksincha, Toshkent shahrida jamg‘arma qilmaydiganlar ulushi 25 foizni tashkil etadi. 

Ta’lim darajasi ham jamg‘arma qilish odatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, faqat 8–9 yillik ta’lim olganlar orasida jamg‘arma qilmaydiganlar ulushi 53 foizni tashkil etadi. Oliy ma’lumotlilar orasida esa bu ko‘rsatkich 27 foizga tushadi. 

Bandlik darajasi ham muhim omil hisoblanadi. So‘rov natijalariga ko‘ra, talabalar orasida 26 foiz, ish bilan band aholi orasida 32 foiz jamg‘arma qilmasligini bildirgan. Shu bilan birga, nafaqadagi respondentlar orasida bu ko‘rsatkich 46 foizga yetadi. 

Alohida e’tibor beradigan yana bir jihat bor: jamg‘arma to‘plamaydiganlar ichida ayollar (41 foiz) va keksalar (47 foiz) ulushi nisbatan yuqori. Bu holat, odatda, pastroq daromad, parvarish bilan bog‘liq majburiyatlar yoki oilaviy qo‘llab-quvvatlashga tayanish bilan izohlanadi.

2

Keksalik uchun jamg‘arma

Shuningdek, aholi orasida keksalik uchun maxsus jamg‘arma qilish darajasi ham past. Jamg‘arma qiluvchilar orasida bunday maqsadda pul to‘playotganlar atigi 6 foizni tashkil etadi. Toshkentda bu ko‘rsatkich 13 foiz, shimoliy va g‘arbiy hududlarda esa 4 foiz atrofida.

Ta’lim darajasi yuqori bo‘lganlar orasida ham keksalik uchun jamg‘arma qilish ulushi yuqoriroq ekani qayd etilgan. Oliy ma’lumotlilarning 13 foizi, faqat boshlang‘ich ta’lim olganlarning esa 6 foizi keksalik uchun jamg‘arma to‘playdi.

Теглар

Мавзуга оид