O‘zbekistonliklarga Germaniyadagi harbiy muzeyga kirish taqiqlandi

Кеча 20:331 дақиқа

Germaniyaning Koblens shahridagi harbiy texnika muzeyi xavfsizlik sabablari bilan O‘zbekiston fuqarolari uchun kirishni chekladi.

O‘zbekistonliklarga Germaniyadagi harbiy muzeyga kirish taqiqlandi

Germaniyaning Koblens shahrida joylashgan Bundesverning harbiy texnika muzeyi bir qator davlatlar fuqarolari uchun kirishni chekladi.

Ushbu qarorga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari ham mazkur ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, cheklovlar joriy yilning mart oyidan kuchga kirgan.

Muzey ma’muriyatining ma’lum qilishicha, mazkur cheklovlar Germaniyada amal qiladigan xavfsizlik qonunchiligi — «Ishonchlilikni tekshirish to‘g‘risida»gi talablar asosida joriy etilgan. Shuningdek, ushbu ro‘yxatga Markaziy Osiyo davlatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston ham kiritilgan.

Asosiy sabab — xavfsizlik

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, cheklovlar xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qo‘llanilgan. Ro‘yxatdan Afg‘oniston, Xitoy, Eron, Pokiston, Suriya va boshqa davlatlar ham joy olgan.

Muzeyga kirish uchun tashrif buyuruvchilardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi. Chipta narxi esa 3 yevro etib belgilangan.

Yirik harbiy kolleksiya

Bundesverning mazkur muzeyi dunyodagi eng yirik harbiy texnika to‘plamlaridan biri hisoblanadi. U yerda Birinchi jahon urushi davridan tortib zamonaviy harbiy texnikalargacha bo‘lgan noyob namunalar saqlanadi.

Ekspozitsiyada FT-17 tanki, Leopard 1 va Leopard 2 kabi jangovar tanklar, shuningdek NATO davlatlari tomonidan ishlab chiqilgan prototiplar namoyish etilgan.

Shu bilan birga, tashrif buyuruvchilar o‘qotar qurollar, artilleriya tizimlari va turli xil zirhli texnika namunalari bilan ham tanishish imkoniga ega.

Теглар

Мавзуга оид