O‘zbekistonning JCH-2026 dagi ishtirokiga bag‘ishlangan esdalik tangalari chiqariladi
31,1 gramm og‘irlikka ega bo‘lgan esdalik tangalari cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ular 100 ta oltin va 1000 ta kumush tangalardan iborat.
© Фото: markaziybankMarkaziy bank futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining “Jahon chempionati - 2026”da ishtirok etishi munosabati bilan maxsus esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi. Tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘l olinishini muhrlash maqsadida 999,9 asllikdagi sof oltin va kumushdan zarb etilgan ushbu tangalar 18-iyundan boshlab sotuvga chiqariladi.
31,1 gramm og‘irlikka ega bo‘lgan esdalik tangalari cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ular 100 ta oltin va 1000 ta kumush tangalardan iborat. Tangalar respublikadagi 690 ta tijorat banklari filiallarida sotuvga chiqarilishi belgilangan. Bu haqda Markaziy bankning rasmiy press-relizida ma’lum qilindi. Sotuv narxlari va banklardagi mavjudlik bo‘yicha yangilangan ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida har kuni e’lon qilib boriladi.
«Oq bo‘rilar» ramzi va tarixiy dizayn
Esdalik tangalarining avers qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol to‘pi chizmasi hamda “Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida - 2026” yozuvi aks ettirilgan. Bu elementlar milliy terma jamoaning ilk mundial yo‘llanmasi va O‘zbekiston futboli tarixidagi yangi sahifani ramziy tarzda ifodalaydi.
Tangalar revers qismidagi bo‘ri silueti esa muxlislar orasida “Oq bo‘rilar” nomi bilan tanilgan futbolchilarimizning shijoati, jamoaviy ruhi va taslim bo‘lmas xarakterini ifodalaydi. Ushbu ramz 26 nafar futbolchi siluetini o‘zida mujassam etib, tarixiy natija butun jamoaning birdamligi va mehnati bilan qo‘lga kiritilganini anglatadi. Shuningdek, tanga dizaynida ko‘hna obidalarimiz devorlaridagi naqshlardan olingan milliy terma jamoa libosidagi naqshlar ham o‘rin olgan bo‘lib, bu futbol, milliy g‘urur va ajdodlar tarixini yagona kompozitsiyada birlashtiradi.





