O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari rekordni yangiladi

07.03.2026 | 16:002 дақиқа

Fevral oyida mamlakat xalqaro zaxiralari 2 mlrd dollarga oshib, oltin narxi ko‘tarilishi hisobiga yangi rekord darajaga yetdi.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari rekordni yangiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ketma-ket yettinchi oy tarixiy rekordni yangilab, 2026 yil 1-mart holatiga 77,08 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirildi.

Xalqaro zaxiralari

Fevral oyida mamlakatning xalqaro zaxiralari 2 mlrd dollarga yoki 2,7 foizga oshdi. Yil boshidan beri esa o‘sish 16,2 foizdan ortiqni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2013 yildan buyon e’lon qilib kelinayotgan statistikadagi eng yuqori daraja hisoblanadi.

Zaxiralar o‘sishining asosiy qismi oltin narxining oshishi va mamlakat zaxiralaridagi qimmatbaho metall hajmining ko‘payishi bilan izohlanmoqda. Fevral oyida Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati ketma-ket sakkizinchi bor rekordni yangilab, 67,67 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 2,69 mlrd dollarga yoki 4,1 foizga ko‘pdir.

Oltinning fizik hajmi

Shu bilan birga, oltinning fizik hajmi ham oshgan. U yanvar oyidagi 12,8 mln troy unsiyadan 13,1 mln troy unsiyagacha yetdi. Bu taxminan 407,5 tonna oltinni tashkil etadi. Bir oy davomida Markaziy bank zaxiralarni 0,3 mln troy unsiyaga yoki qariyb 9,4 tonna oltinga to‘ldirdi.

Biroq valuta zaxiralari qisqarishda davom etmoqda. Fevral oyida ular 685,9 mln dollarga yoki 7,2 foizga kamayib, 8,84 mlrd dollarni tashkil etdi. Shu jumladan, 1,2 mlrd dollar xorijiy markaziy banklar va Xalqaro valuta jamg‘armasida saqlanmoqda. Qolgan 6,09 mlrd dollar esa xorijiy tijorat banklarida joylashtirilgan.

Qimmatli qog‘ozlar

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan xorijiy qimmatli qog‘ozlar qiymati biroz oshib, 1,54 mlrd dollarga yetdi. Biroq oltin narxining keskin o‘sishi tufayli ularning umumiy rasmiy zaxiralardagi ulushi 2 foizdan kam bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yanvar oyida dunyoda oltinni eng ko‘p sotib olgan davlatga aylangan. Markaziy bank bir oyda taxminan 9 tonna oltin xarid qilgan.

Теглар

Мавзуга оид