O‘zbekistonning tashqi savdo balansi manfiy chiqdi

Yilning dastlabki to‘rt oyida savdo defitsiti 6,38 millard dollarni tashkil qildi.

O‘zbekistonning tashqi savdo balansi manfiy chiqdi

2026 yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 26,33 milliard dollarga yetdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,44 milliard dollar yoki 5,8 foizga ko‘p.

Hisobot davrida eksport hajmi 9,97 milliard dollarga teng bo‘lib, bir yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 16,8 foizga qisqardi.

Import esa 16,36 milliard dollarga yetib, 26,7 foizga oshdi. Natijada tashqi savdo balansida 6,38 milliard dollarlik manfiy saldo shakllandi.

Shu bilan birga, oltinsiz tovarlar eksporti 5 milliard dollardan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga o‘sdi.

Xitoy va Rossiya asosiy hamkorlar bo‘lib qolmoqda


O‘zbekiston tashqi savdosida asosiy hamkor sifatida Xitoy o‘z pozitsiyasini yanada kuchaytirdi. To‘rt oylik savdo hajmi 6,22 milliard dollarga yetib, umumiy tashqi savdo aylanmasining 23,6 foizini tashkil qildi.

Ikkinchi o‘rinda 4,52 milliard dollar bilan Rossiya qayd etildi. Yil boshidan buyon Xitoy bilan savdo hajmi 49,3 foizga, Rossiya bilan esa 19,4 foizga oshgan.

O‘zbekistonning eng yirik beshta savdo hamkori qatoriga Qozog‘iston (1,8 milliard dollar), Turkiya (920,6 million dollar) va Afg‘oniston (728,2 million dollar) ham kirdi. Shuningdek, Janubiy Koreya, BAA, Fransiya, Germaniya va Hindiston ham birinchi o‘ntalikdan joy oldi.

Eksportda sanoat mahsulotlari yetakchilik qildi

Mamlakat dunyoning 175 dan ortiq davlati bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda. Eksport tarkibida tovarlar ulushi 65,3 foizni tashkil qildi.

Asosiy ulush sanoat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi — 15 foiz. Shuningdek, kimyo mahsulotlari 8,1 foiz, turli tayyor mahsulotlar 7,9 foiz va oziq-ovqat hamda tirik hayvonlar eksporti 7,5 foizni tashkil etdi.

Importning asosiy qismini texnika va transport uskunalari tashkil qildi

Hisobot davrida import hajmi 16,36 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,7 foizga o‘sdi. Import tarkibida eng katta ulush mashina va transport uskunalari hissasiga to‘g‘ri keldi — 33,7 foiz. Shuningdek, sanoat mahsulotlari 15,3 foiz va kimyoviy mahsulotlar 12,4 foiz ulush bilan yetakchi pozitsiyalarni egalladi.

Hisobot davrida O‘zbekiston 150 dan ortiq davlatdan tovar va xizmatlar import qildi. Importda ham Xitoy yetakchilik qildi va uning ulushi 32,4 foizni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (18,8 foiz), Qozog‘iston (8,5 foiz), Janubiy Koreya (3,8 foiz), Turkiya (3,4 foiz), Hindiston (2,3 foiz) va BAA (2,2 foiz) qayd etildi.

Теглар

Мавзуга оид