Logo

O‘zbekistonning tashqi savdosi 65 mlrd dollardan oshdi: import hajmi eksportdan yuqori

Бугун 12:452 дақиқа

To‘qqiz oyda import hajmi eksportga nisbatan tezroq o‘sib, ular o‘rtasidagi tafovut 13,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Tashqi savdo aylanmasining qariyb yarmi Xitoy va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonning tashqi savdosi 65 mlrd dollardan oshdi: import hajmi eksportdan yuqori © Sputnik

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 65,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,9 mlrd dollar yoki 6,3 foizga oshgan. Biroq tashqi savdo aylanmasining o‘sishiga import hajmining ko‘payishi ko‘proq ta’sir qilgan.

Eksport kamaydi, import esa oshdi

Hisobot davrida O‘zbekiston eksporti 25,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga kam.

Shu bilan birga, oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksporti 13,3 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,6 foizga ko‘p.

Import hajmi esa 39,6 mlrd dollarni tashkil etib, bir yil ichida 15,7 foizga oshdi. Import tarkibida eng katta ulush mashina va transport uskunalariga to‘g‘ri kelgan.

Natijada mamlakat tashqi savdosida 13,7 mlrd dollarlik manfiy saldo yuzaga keldi. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston xorijdan sotib olgan tovar va xizmatlar qiymati eksport tushumidan shuncha miqdorga yuqori bo‘ldi.

O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari kimlar?

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston dunyoning 200 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi. Biroq tashqi savdo aylanmasining katta qismi 5 davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori Xitoy bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 15,17 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu umumiy tashqi savdo hajmining 23,2 foiziga teng. Keyingi o‘rinda 10,47 mlrd dollarlik ko‘rsatkich bilan Rossiya (16 foiz), undan so‘ng 4,25 mlrd dollar bilan Qozog‘iston (6,5 foiz) turibdi.

Shuningdek, Turkiyaning tashqi savdodagi ulushi 3,4 foizni, Afg‘onistonning ulushi esa 2,4 foizni tashkil etgan.

Shunday qilib, Xitoy, Rossiya va Qozog‘istonning o‘zi O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 45,7 foizini shakllantirgan. Beshta asosiy hamkor davlat hissasiga esa jami savdoning 51,5 foizi to‘g‘ri kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning 2026-yilning 8 oyida tashqi savdosi 57 mlrd dollarni tashkil etgandi.  Xususan, eksport 22,9 mlrd dollarga yetib, bir yilga nisbatan 3,4 foizga kamaygan. Import esa 34,5 mlrd dollarni tashkil etib, 16,3 foizga ko‘paygan. Eksportda sanoat mahsulotlari, importda esa mashina va transport vositalari yetakchilik qilgan.

Теглар

Мавзуга оид