O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 82 mlrd dollardan oshdi

Бугун 19:242 дақиқа

O‘sish fonida xususiy sektor tashqi qarzi ilk marta davlatnikidan o‘tib ketdi.

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 82 mlrd dollardan oshdi

2026-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank hisobotidan ma’lum bo‘ldi

Umumiy tashqi qarz tarkibida davlat tashqi qarzi qoldig‘i 2025 yil davomida 40,5 mlrd dollarga yetdi. Qarzning yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbata 2024-yil bilan solishtirilganda 0,4 foiz bandga kamayib, 27,5 foizni tashkil etdi. 

Biznes tomonidan chet eldan jalb qilingan xususiy tashqi qarz esa davlat qarzidan o‘tib ketdi va 41,7 mlrd dollargacha o‘sdi. Regulyator qayd etishicha, bu mablag‘larning 92 foizdan ortig‘i uzoq muddatli shartlarda jalb qilingan. 

Korporativ tashqi qarzlar bo‘yicha davlat zimmasida majburiyat mavjud emas — ular bo‘yicha to‘lovlar to‘liq kompaniya va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 

Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi majburiyatlari umumiy hisobda 109,3 mlrd dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatning xalqaro investitsiyaviy majburiyatlarini (ya’ni faqat qarz emas, balki investorlar oldidagi boshqa majburiyatlarni ham) o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga, mamlakatning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei 2026-yil boshiga kelib 19,1 mlrd dollargacha yaxshilangan. Bu — O‘zbekistonning tashqi aktivlari tashqi majburiyatlardan yuqori ekanini anglatadi.

Davlat tashqi qarzi bo‘yicha ma’lumotlarda farq bor

Markaziy bank O‘zbekiston davlat tashqi qarzi 2025 yilda 40,5 mlrd dollargacha o‘sganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa bu ko‘rsatkich 39,8 mlrd dollar ekanini qayd etgandi. 

O‘zbekistonga eng ko‘p qarz bergan tashkilotlar tarkibi quyidagicha: 

Jahon banki — 8,9 mlrd dollar;

Osiyo taraqqiyot banki — 8,4 mlrd dollar;

Xalqaro obligatsiyalar — 5,8 mlrd dollar;

Xitoy moliya tashkilotlari – 3,9 mlrd dollar;

Yaponiya moliya tashkilotlari — 2,9 mlrd dollar;

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 2,3 mlrd dollar;

Fransiya moliya tashkilotlari – 1,3 mlrd dollar; 

Islom taraqqiyot banki — 1 mlrd dollar.

1-yanvar holatiga ko‘ra, har bir o‘zbekistonlikka to‘g‘ri keladigan davlat qarzi 1 225 dollar atrofida bo‘lib turibdi. 

Теглар

Мавзуга оид