Logo

«O‘zbektelekom» foydasi sezilarli pasaydi

Бугун 16:352 дақиқа

Kompaniyaning xalqaro auditdan o‘tgan hisobotida foyda 24 foizga kamaygani qayd etilgan. Milliy standartlarga asoslangan foyda 14 barobarga o‘sgani ma’lum qilingandi.

«O‘zbektelekom» foydasi sezilarli pasaydi © Uztelecom

«O‘zbektelekom» 2025-yil uchun xalqaro standartlarga asosan auditdan o‘tgan moliyaviy hisobotini taqdim qildi. Kompaniya foydasi 23,9 foizga kamayib, 609,8 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Yil davomida daromad rekord darajada 1,73 trln so‘mga oshib, 10,6 trln so‘mga yetgan. O‘sish sur’ati 2024-yilga nisbatadan deyarli 20 foiz bo‘ldi.

Biroq tushumdagi yuqori o‘sishga qaramay, kompaniya xarajatlarining keskin ortishi va moliyaviy yo‘qotishlar foydaning kamayishiga olib keldi. Xususan, sotuv xarajatlari 48,4 foizga oshib, 1,04 trln so‘mga, ma’muriy xarajatlar esa 20,4 foizga ko‘payib, 1,07 trln so‘mga yetgan.

Kompaniya kredit yo‘qotishlari bo‘yicha ajratgan zaxiralar hajmi ham keskin oshgan. Agar 2024-yilda bu ko‘rsatkich 117 mlrd so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 463,6 mlrd so‘mga yetib, qariyb to‘rt barobar ko‘paygan.

Shuningdek, «O‘zbektelekom» valuta kurslari o‘zgarishidan ham zarar ko‘rgan. Kompaniya 2024-yilda 113,8 mlrd so‘mlik valuta foydasi qayd etgan bo‘lsa, 2025-yilda 85,6 mlrd so‘m miqdorida zarar ko‘rgan.

Foiz xarajatlari ham yuqori darajada qolmoqda. Hisobotga ko‘ra, moliyaviy xarajatlar bir yil ichida 23,4 foizga oshib, 749,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Natijada kompaniyaning soliqdan oldingi foydasi 26,7 foizga kamayib, 771,5 mlrd so‘mga tushgan. Sof foyda marjasi esa bir yil avvalgi 9 foizdan 5,7 foizgacha pasaygan.

Shu bilan birga, kompaniyaning asosiy faoliyati samaradorligi yaxshilangan. Yalpi foyda 35,2 foizga oshib, 4,2 trln so‘mga yetgan. Bu esa tushum o‘sishi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish xarajatlaridan tezroq bo‘lganini ko‘rsatadi.

Milliy standartlarga asosan foyda keskin o‘sgandi

Qizig‘i shundaki, «O‘zbektelekom»ning milliy buxgalteriya hisobi standartlari asosida tuzilgan hisobotida foyda keskin o‘sgan edi. Kompaniya 2025-yili 590,9 mlrd so‘m sof foyda olganini va bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 14,2 barobarga oshganini ma’lum qilgan.

Biroq xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (MHXS) asosida auditdan o‘tgan hisobot boshqa natijani ko‘rsatmoqda. Unga ko‘ra, kompaniyaning sof foydasi 2024-yildagi 801,3 mlrd so‘mdan 2025-yili 609,8 mlrd so‘mga tushib, 23,9 foizga kamaygan.

Bunday tafovut odatda milliy va xalqaro standartlarda daromad hamda xarajatlarni tan olish qoidalari, aktivlar qiymatini baholash, amortizatsiya va zaxiralarni shakllantirishdagi farqlar bilan izohlanadi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil yakuni bo‘yicha «O‘zbektelekom» eng ko‘p soliq to‘lovchi xizmat ko‘rsatish korxonalari orasida ikkinchi o‘rinda turadi. Yil davomida to‘langan soliqlar 1,36 trln so‘mdan oshgan.

Теглар

Мавзуга оид