O‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq to‘lash majburiy bo‘lishi kutilmoqda
2027 yil 1-yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq to‘lash ixtiyoriydan qat’iy (majburiy) tartibga o‘tkazilishi mumkin.
© manba: nalog.gov.ruO‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq to‘lashni qat’iy tartibda joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va e’lon qilingan pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha Prezident farmoni loyihasida keltirilgan.
Mazkur loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30-sentabrga qadar davom etadi.
To‘lov miqdori va ijtimoiy sug‘urta
Hujjatda qayd etilishicha, ushbu o‘zgarish o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning pensiya ta’minoti va davlat ijtimoiy sug‘urtasidan foydalanish imkoniyatini ta’minlashni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) bir baravari (sentabr oyidan boshlab — 440 ming so‘m) miqdorida majburiy to‘lov joriy etish taklif etilmoqda. Bunda fuqarolarga soliqni yil davomida bo‘lib-bo‘lib — oyiga 36,6 ming so‘mdan to‘lash imkoniyati beriladi. Hozirda o‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan ijtimoiy soliq to‘lash ixtiyoriy bo‘lib, u faqatgina mehnat stajini shakllantirishda hisobga olinadi.
Yangi tartibga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan to‘langan ijtimoiy soliqning 10 foizi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltirilishi ko‘rsatilgan. Natijada homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari (kasallik varaqasi) belgilangan tartibda mazkur jamg‘arma hisobidan to‘lab berilishi belgilanmoqda.
Yoshi katta xodimlar uchun ish vaqti va pensiya xarajatlari
Loyihada 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun o‘rtacha ish haqini saqlab qolgan holda qisqartirilgan ish vaqtini joriy etish taklif etilgan.
Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash jarayonida aynan 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun rasmiy daromadning mavjudligi hisobga olinmasligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, 2027 yildan boshlab mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadigan, biroq ijtimoiy soliq va Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lanmagan davrlar bo‘yicha xarajatlarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplash taklif qilingan.
Pensiyalarni eng kam miqdorga yetkazish, pensiyalarga ustama va qo‘shimcha to‘lovlar ham budjetdan moliyalashtirilishi ko‘rsatilgan.
Korxonalar uchun soliq imtiyozlarini bekor qilish taklifi
2030 yil 1-yanvardan boshlab korxona va tashkilotlar uchun ijtimoiy soliqni to‘lash bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni (stavka — 12 foiz) bekor qilish taklif etilmoqda. Hujjatga ko‘ra, bu yo‘nalishda yangi imtiyozlar joriy etilmaydi.





