Pandemiyadagi ko‘rsatkichlar: eskrou tizimi bozorga qanday ta’sir qildi?

Yangi tizim joriy qilingach, aprel oyida ko‘chmas mulk savdosi 3,2 barobarga, avtomobil savdosi 4,7 barobarga pasayib ketdi.

Pandemiyadagi ko‘rsatkichlar: eskrou tizimi bozorga qanday ta’sir qildi? © Getty Imagеs

2026 yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda  ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisida yangi eskrou tizimi ishga tushirildi. 

Bu tizimni ishga tushirilishiga asosan mamlakatdagi uylarning oldi-sotdisi bo‘yicha firibgarlik sabab bo‘lgandi. Aholi yangi qurilayotgan uylar uchun “kotlavon” holatida pul berar, biroq uyni vaqtida qabul qilish kafolatlanmagandi. 

Eskrou — bu xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarda uchinchi tomon, O‘zbekiston milsolida bank ishtirok etadigan tizimdir. Uning asosiy vazifasi — tomonlar o‘rtasidagi ishonchni ta’minlash va mablag‘larni xavfsiz saqlashdan iborat.

Mexanizm juda sodda, ammo samarali. Avvalo xaridor va sotuvchi o‘zaro kelishib, uy yoki avtomobil narxi hamda boshqa shartlarni belgilab oladi.

Shundan so‘ng xaridor bankka murojaat qilib, maxsus eskrou hisobvarag‘ini ochadi va pulni shu hisobga joylashtiradi.

Muhim jihati shundaki, bu mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvchiga berilmaydi — u bankda saqlanadi va bitim yakunlanmaguncha «muzlatilgan» holda qoladi.

Eskrou tizimi uzoq muhokamalardan so‘ng 2026 yil 1-apreldan boshlab ishga tushirildi. Unga ko‘ra, quyidagi to‘lovlar naqdsiz shaklda amalga oshirilishi kerak: 

— davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;

— elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;

— alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi;

— Yoqilg‘i quyish va elektromobillarni zaryadlash xizmatlari;

— Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari 25 mln so‘mdan ortiq tovar va xizmatlar savdosi;

— Ko‘chmas mulk va 10 yilgacha bo‘lgan M, N, O, G toifadagi transport vositalari savdosi.

Yangi tizim bozorni qanday o‘zgartirdi? 

Eskrou tizimi to‘liq ishga tushishidan avval ham ko‘chmas mulk va avtomobil bozoriga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. 

Mart oyida rasmiylashtirilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomlari soni fevralga nisbatan 47 foizga oshdi va 43,6 mingtani tashkil qildi.

1

Bu tarixiy rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. 2025 yilning martiga nisbatan sotuvlar soni 2 barobardan ko‘proq oshdi. 

Xuddi shunga o‘xshash holat avtomobillar sotuvi bilan ham sodir bo‘ldi. Mart oyida yengil avtomobillar savdosi fevralga nisbatan 19 foizga oshdi va 78 mingtaga yetdi. O‘tgan yilning martiga nisbatan sotuvlar 20 foizga ko‘paygan. 

1-apreldan boshlab yo‘lga qo‘yilgan yangi tizimda esa sotuvlar soni keskin tushib ketdi. 

Markaziy bank ma’lum qilishicha, eskrou tizimi orqali aprel oyida jami 33 273 ta shartnoma rasmiylashtirilgan. Bularning 19 660 tasi transport vositalari oldi-sotdisi bo‘lsa, 13 613 tasi ko‘chmas mulk bitimlari bo‘ldi.

2

Natijada, ko‘chmas mulk sotuvi martga nisbatan 3,2 barobarga kamayib ketdi. Uy-joy savdosi O‘zbekiston bo‘ylab so‘nggi 4 yilda hech qachon 15 mingtadan pasaymagandi. 

13,6 mingtadan kamroq uy-joy savdosi 2020 yilning aprel oyida, pandemiya boshlanganda qayd etilgandi. 

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Vaqt.uz'ga ma’lum qilishicha, barcha avtotransport vositalari savdosi mart oyida 93,5 mingtani tashkil qilgan. 

Eskrou tizimidan keyingi aprel oyidagi umumiy avtotransport oldi-sotdisi esa 4,7 barobarga kamayib ketdi. Avtomobil savdosi ham 2020 yil apreli — pandemiya davridan beri eng past ko‘rsatkichga tushdi. 

Eskrou tizimi joriy etilishi bozor uchun qisqa muddatli «sovush jarayonini» yuzaga keltirdi. Pandemiya davridagi kabi savdolar keskin pasaydi — bu esa ishtirokchilarning yangi qoidalarga moslashishga ulgurmaganini ko‘rsatmoqda.

Теглар

Мавзуга оид