«Pekin Putin roziligisiz Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘lini qurishdan bosh tortgan» — Japarov
Prezident Xitoyning o‘sha paytdagi elchisini chaqirib, loyihani amalga oshirishni boshlashni taklif qilgan. Moliyalashtirish shartlarini O‘zbekiston bilan muhokama qilish niyatida ekanini bildirgan. Biroq elchi Qirg‘iziston bu masalani mustaqil ravishda hal qila olmasligini aytgan.
© Foto: POOLXitoy tomoni dastlab Rossiyadan rozilik olmasdan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘lini qurishni boshlashdan bosh tortgan. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov jurnalist Ali Toktakunovga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Intervyu stenogrammasini «Tazabek» e’lon qilgan.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, 2020-yilda hokimiyatga kelganidan so‘ng darhol Xitoyning o‘sha paytdagi elchisi Du Devenni chaqirib, loyihani amalga oshirishni boshlashni taklif qilgan. Shaxsiy suhbat davomida u texnik-iqtisodiy asos (TEO) tayyorlash va moliyalashtirish shartlarini O‘zbekiston bilan muhokama qilish niyatida ekanini bildirgan. Biroq Du Deven Qirg‘iziston bu masalani mustaqil ravishda hal qila olmasligini ochiq aytgan.
«Agar Rossiya qarshi bo‘lsa, rozilik bermasa, biz bu yo‘l qurilishini boshlay olmaymiz», — deb Japarov Xitoy elchisining so‘zlarini keltirgan.
Du Deven Xitoy Yevrosiyo hududida joylashgani, Qirg‘iziston esa Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) tarkibiga kirishini tushuntirgan. Shu sababli Moskvaning pozitsiyasini hisobga olmasdan loyihani amalga oshirishning imkoni yo‘q edi. Shu bilan birga, Xitoy tomoni Torugartgacha bo‘lgan qariyb 100 kilometrlik yangi temiryo‘l tarmog‘ini ham qurishi kerak.
Japarov Putindan rozilik olib kelgan
Japarov bu javobdan hayratlangan, biroq suhbatdan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ishchi uchrashuv tashkil etishni so‘ragan. Uchrashuv ertasi kuni bo‘lib o‘tgan. Qirg‘iziston rahbari Rossiyaga yolg‘iz uchib borgan, muzokaralar taxminan 35-40 daqiqa davom etgan. Japarov Putinni loyihani amalga oshirish zarurligiga ishontirgan va Qirg‘iziston transport jihatidan berk holatda ekani, bu yo‘lga «havo va suv kabi» muhtojligini ta’kidlagan. Yakunda u Putinning roziligini olgan va shundan so‘ng loyihaga start bergan.
Prezident Xitoyning pozitsiyasini tushunishini ta’kidlagan, chunki «bular buyuk davlatlar» va ular bir-birining manfaatlarini hisobga olmasligi mumkin emas.
Magistralning ahamiyati haqida gapirar ekan, Japarov uni o‘n yilliklarga emas, balki ming yilliklarga mo‘ljallangan loyiha deb atagan. U uni shunchaki Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li deb emas, balki yangilangan Buyuk Ipak yo‘li deb atashni taklif qilgan. Uning fikricha, bu yo‘nalish eng avvalo Xitoy yoki boshqa davlatlarga emas, Qirg‘izistonning o‘ziga kerak.
Prezident tranzitdan olinadigan iqtisodiy samarani har yili budjetga kamida 400–500 mln dollar sof daromad deb baholagan. U temiryo‘lni «yangi Qumtor» — tugab borayotgan tabiiy resurslarning o‘rnini bosadigan daromad manbai deb atagan.
Japarov shuningdek, Qirg‘izistonning ichki temiryo‘l tarmog‘i postsovet davrida taxminan 45 kilometrga qisqarganini ma’lum qilgan — rels va shpallar demontaj qilingan, ularning o‘rniga xususiy kompaniyalar neft bazalari va boshqa obyektlarni qurgan. So‘nggi yillarda davlat qariyb 65 kilometr yangi temiryo‘l liniyasini qurgan. Rejalarda tarmoqni Makmalgacha yetkazish bor. Prezidentning baholashicha, qurilishni o‘z kuchlari bilan amalga oshirish taxminan o‘n yil vaqt olishi va qariyb 1 mlrd dollar talab qilishi mumkin, investor jalb qilingan taqdirda esa ishlarni 2032–2035-yillarga qadar yakunlash mumkin.
Shu bilan birga, Japarov ta’kidlaganidek, qurilishni barbod qilishni istayotgan tashqi va ichki kuchlar ham mavjud. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ular «Xitoy xavfi» mavzusini bo‘rttirish uchun blogerlar va «baqir-chaqir qiluvchilar»dan foydalanmoqda, uning fikricha, ular tashqaridan moliyalashtiriladi. Japarov qurilish ishlari tugaganidan keyin mamlakatni tark etadigan xitoylik mutaxassislarning ishtirokini haddan tashqari dramatizatsiya qilmaslikka chaqirgan.





