Pentagon Eron bilan urush uchun yana 200 mlrd dollar so‘ramoqda – WP
AQSH Mudofaa vazirligi so‘nggi ikki hafta ichida Oq uyga Eron bilan urushni yanada moliyalashtirish bo‘yicha bir nechta modellarni taklif qilgan. AQSHning qurol-yarog‘ zaxiralari sezilarli darajada kamaygan.

AQSH Mudofaa vazirligi Oq uydan Kongressdan Eronga qarshi urushni moliyalashtirish uchun 200 mlrd dollardan ortiq qo‘shimcha mablag‘ so‘rashni iltimos qildi, deb xabar berdi 18-mart kuni «The Washington Post» (WP) nashri manbalarga tayanib.
Ularga ko‘ra, Pentagonga qurol-yarog‘ zaxiralarini shoshilinch ravishda ko‘paytirish uchun mablag‘ zarur, chunki Eronga qarshi uch hafta davom etgan intensiv zarbalar natijasida bu zaxiralar sezilarli darajada kamaygan. «The Washington Post» qayd etishicha, urushning birinchi haftasidayoq AQSH 11 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.
Nashr manbalariga ko‘ra, Oq uyda ayrimlar Kongress bunday so‘rovni ma’qullashi ehtimoli past deb hisoblaydi, chunki taklif etilgan summa Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Ukrainaga ko‘rsatilgan umumiy yordam (qariyb 188 mlrd dollar) hajmiga yaqin. Shuning uchun so‘nggi ikki hafta ichida Pentagon Oq uyga Erondagi urushni moliyalashtirish bo‘yicha bir nechta variantlarni taklif etgan.
Kongressmenlar Pentagon so‘rovini bloklashi mumkin
Nashr suhbatlashgan amaldorlar va tahlilchilar fikricha, Mudofaa vazirligining so‘rovi Kongress a’zolarining Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlash darajasini sinovdan o‘tkazadi. Ularning baholashicha, demokratlar va ayrim respublikachilar AQSHning harbiy harakatlarda ishtirokini ma’qullamasliklarini bildirish uchun bu so‘rovni bloklashga harakat qilishi mumkin.
Pentagonning har qanday so‘rovi uchun yana bir muammo – AQSH harbiy sanoati quvvatlari bo‘lib, u qisqa muddatda ishlab chiqarishni tezda oshira olmaydi. Ekspertlar ta’kidlashicha, Mudofaa vazirligi ajratiladigan mablag‘ni murakkab va qimmat qurol-yarog‘ turlariga sarflashni rejalashtirmoqda, ularning ishlab chiqarilishi esa ishchi kuchi va muhim xomashyo ta’minotiga kuchli darajada bog‘liq bo‘ladi.





