Pokistondagi terakt: Shavkat Mirziyoyev Shahboz Sharif va Asif Ali Zardoriyga ta’ziya bildirdi

Pokistonning Kvetta shahrida harbiy xizmatchilarni tashib ketayotgan poyezd portlatilishi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston rahbariyatiga ta’ziya yo‘lladi.

Pokistondagi terakt: Shavkat Mirziyoyev Shahboz Sharif va Asif Ali Zardoriyga ta’ziya bildirdi © Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokistonning Kvetta shahrida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy va bosh vaziri Shahboz Sharifga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
 
Davlat rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi. 
 
Pokistondagi portlash
 
Pokistonda harbiy xizmatchilarni tashib ketayotgan poyezd portlatilishi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi va 70 kishi jarohat oldi. Portlash kecha, 24-may kuni ertalab sodir bo‘ldi, poyezd g‘arbiy Belujiston viloyati poytaxti Kvettadagi Chaman-Fatak stansiyasi orqali o‘tayotgan paytda yuz bergan.

image_2026-05-25_16-57-30

Reuters

Hukumat vakillari BBCga ma’lum qilishicha, uchta vagon va lokomotiv relsdan chiqqan, yana ikki vagon ag‘darilgan. Poyezd yo‘lovchilari asosan harbiy xizmatchilar va ularning oilalari bo‘lib, ular Iyd al-Fitr bayrami munosabati bilan uylariga qaytib ketayotgan edi.

«Belujiston ozodlik armiyasi» (BLA) separatist guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini va bu o‘z joniga qasd qiluvchi terroristik hujum bo‘lganini bildirgan. Pokiston rasmiylari hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan.

Hodisa joyidan olingan suratlarda yonib ketgan va izdan chiqqan vagonlar, yaqinda to‘xtatilgan avtomobillar hamda qo‘shni binoga yetgan portlash zarari ko‘ringan.

«Poyezd harakatlanayotgan edi va portlash paytida unda yo‘lovchilar bor edi», – dedi mahalliy aholi vakili Nasir Ahmad BBCga.

Uning aytishicha, portlash kuchidan uyidagi barcha oynalar singan. Guvohlarning aytishicha, portlovchi modda bilan to‘ldirilgan avtomobil poyezdga urilib, portlagan.

1

Getty Images

Belujiston politsiyasi va fuqarolik ma’muriyati vakillari BBCga 20 kishi halok bo‘lganini tasdiqlab, qurbonlar soni ortishi mumkinligini bildirgan. Rasmiylarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida kamida uch nafar harbiy xizmatchi ham bor.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif hujumni keskin qoralab, «bunday qo‘rqoq terroristik harakatlar Pokiston xalqi irodasini sindira olmaydi», deb aytdi.

Rasmiylarga ko‘ra, poyezd yo‘lovchilari Kvettaning bosh vokzaliga yaqindagi harbiy lagerdan yo‘l olgan. U yerdan ular Peshavarga, so‘ngra bayram munosabati bilan o‘z shaharlariga yo‘l olishi kerak edi.

Bu Belujistonda poyezdlarga «Belujiston ozodlik armiyasi» (BLA) tomonidan qilingan birinchi hujum emas.
So‘nggi ikki yil ichida Kvetta va Peshavar o‘rtasida qatnaydigan «Jaffar Express» poyezdlariga bir necha bor hujumlar uyushtirilgan. Biroq bu gal hujumchilarning asosiy maqsadi ekspressning o‘zi emas, balki unga yo‘lovchilarni olib kelayotgan poyezd bo‘lgan.

2025-yil mart oyida jangarilar Peshavarga yo‘l olgan poyezdni egallab, bir qator yo‘lovchilarni garovga olgan.
BLA Pokiston federal hukumatini mamlakatning eng katta viloyatidagi boy mineral resurslarni mahalliy aholi manfaatiga xizmat qilmasdan ekspluatatsiya qilayotganlikda ayblaydi.

Belujiston Pokiston hududining taxminan 44 foizini tashkil etadi, u beqaror Eron va Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lib, Arab dengizi sohilining bir qismini ham o‘z ichiga oladi. Bu yerda mamlakatning 240 milliondan ortiq aholisining taxminan 5 foizi yashaydi.

«Belujiston ozodlik armiyasi»

«Belujiston ozodlik armiyasi» (BLA) 1970-yillar boshida, Pokiston bosh vaziri Zulfiqor Ali Bxutto hukmronligining dastlabki yillarida tashkil etilgan. O‘sha paytda Belujistonda markaziy Pokiston hukumatiga qarshi qo‘zg‘olon boshlangan edi.

1977-yildagi harbiy to‘ntarish va harbiy diktator Muxammad Ziyo-ul-Xak hokimiyatga kelganidan so‘ng, Islomobod beluj yetakchilari bilan muzokaralar olib bordi. Natijada qo‘zg‘olon to‘xtatildi va BLA o‘z faoliyati ko‘lamini qisqartirdi.

Oradan 20 yildan ortiq vaqt o‘tib, Pokiston prezidenti Pervez Musharraf davrida mojaro yana avj oldi. Bunga marri qabilasi yetakchisi Navab Xair Baxsh Marrining Oliy sud sudyasini o‘ldirishda ayblanib hibsga olinishi turtki bo‘lgan.

2000-yillar boshida separatistlar Pokiston xavfsizlik kuchlari obyektlari va vakillariga qarshi bir nechta hujumlar uyushtirdi. Bu hujumlarning aksariyati uchun javobgarlikni BLA o‘z zimmasiga oldi va 2006-yilda markaziy hukumat uni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi.

BLA nafaqat Belujiston mustaqilligi uchun, balki Pokistondagi Xitoy iqtisodiy ekspansiyasiga qarshi ham kurash olib boradi. So‘nggi yillarda u xitoyliklarga qarshi xudkushlar ishtirokidagi hujumlarni amalga oshirgan.

Bunday birinchi hujum 2018-yil avgustida Dalbandin shahrida sodir etilgan. Xudkush Saindak konida ishlayotgan xitoylik ishchilar avtobusini portlatishga uringan. U yerda oltin va mis qazib olinadi. Hodisa oqibatida faqat xudkushning o‘zi halok bo‘lgan.

Shundan so‘ng, 2018-yil noyabrida BLA Karachidagi Xitoy konsulligiga qilingan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Unda uch nafar xudkush ishtirok etgan. Ulardan tashqari yana to‘rt kishi halok bo‘lgan.
2024-yilda Eron va Pokistan bir-birining hududiga navbatma-navbat zarba berdi.

16-yanvar kuni Eron Pokistonning Belujiston hududidagi joyga raketa zarbalari berib, nishon «Jaysh al-Adl» guruhi bo‘lganini ma’lum qildi. Ikki kundan keyin Pokiston ham Eronning Siston va Belujiston viloyatidagi Saravan shahri yaqinidagi qishloqqa raketa va dronlar bilan hujum qildi. Islomobod bu zarbalar Belujiston ozodlik armiyasi va Belujiston ozodlik fronti kabi beluj separatist guruhlariga qarshi qaratilganini bildirdi.

Joriy yil fevral oyi boshida Kvetta va butun mintaqada BLA jangarilari bilan Pokiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Ularda 31 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi.

Теглар

Мавзуга оид