Polshada 3,6 ming ish o‘rni

Бугун 17:182 дақиқа

Polsha kompaniyalari o‘zbekistonliklar uchun 3,6 ming ish o‘rni taklif qilmoqda, asosiy sohalar ma’lum bo‘ldi.

Polshada 3,6 ming ish o‘rni

Polshada o‘zbekistonlik mutaxassislarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. «Dunyo» axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur mamlakatdagi kompaniyalar jami 3,6 mingdan ortiq xodimga ehtiyoj bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan mehnat resurslari salohiyatini namoyish etish hamda mahalliy ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida maxsus taqdimot o‘tkazilgan.

Ish beruvchi kompaniyalar

Ushbu tadbirda «Grupa Progres», «Gremi Personal», «Personnel International» kabi 20 dan ortiq yirik rekruting va ish beruvchi kompaniyalar ishtirok etgan. Muzokaralar davomida ish beruvchilar o‘z ehtiyojlarini aniq bayon qilgan.

Xususan, logistika sohasi uchun 2000 nafar, xizmat ko‘rsatish uchun 800 nafar, sanoat uchun 600 nafar hamda qurilish sohasi uchun 200 nafar xodim jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu esa O‘zbekistondan mehnat migratsiyasi hajmini yanada oshirishi mumkin.

«PRF Work» boshqaruvi raisi Pyotr Fonfara kompaniya va uning mijozlari O‘zbekistondan kadrlar jalb qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, Polsha tadbirkorlar va ish beruvchilar ittifoqi departamenti rahbari o‘rinbosari Yuliya Kovalchuk mamlakat iqtisodiyoti doimiy ishchi kuchi talab qilayotganini ta’kidlab, O‘zbekistonni ishonchli hamkor sifatida qayd etdi.

«Gremi Personal» vakili Anastasiya Juk esa o‘zbekistonlik mutaxassislarga talab yuqori ekanini bildirib, viza jarayonlarini soddalashtirish muhimligini urg‘uladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Migratsiya agentligi hamda akkreditatsiyadan o‘tgan bandlik tashkilotlari ishtirokida qo‘shimcha B2B muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Теглар

Мавзуга оид