Poytaxtda eng past ijara narxlar qaysi tumanlarda?
2026 yil mart oyida Toshkentda uy-joy ijarasi o‘tgan oyga nisbatan 2,7 foizga qimmatlashdi.

Toshkent shahrida 2026 yil mart oyi holatiga ko‘ra uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun 8,9 dollarni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Mart oyidagi ko‘rsatkich fevral oyiga nisbatan 2,7 foizga oshgan bo‘lsa, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,8 foizlik o‘sishni qayd etdi.
Ijara bozoridagi o‘sish asosan talabning saqlanib qolayotgani va markaziy hududlardagi taklif cheklangani bilan izohlanmoqda. Ayniqsa, ish o‘rinlari va infratuzilma rivojlangan tumanlarda ijara narxlari yuqori darajada saqlanmoqda.
Markaziy hududlarda narxlar yuqori
Poytaxtning markaziy tumanlari an’anaviy ravishda eng qimmat ijara bozori sifatida qolmoqda. Jumladan, Mirobod tumanida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 11,5 dollar, Shayxontohurda 11 dollar atrofida narx shakllangan.
Shuningdek, Yakkasaroy tumanida ijara 10,7 dollar, Mirzo Ulug‘bek tumanida 10 dollar darajasida bo‘lgan.
Chet hududlarda nisbatan arzon
Poytaxtning chekka tumanlarida ijara narxlari ancha past darajada saqlanmoqda. Masalan, Bektemir tumanida bu ko‘rsatkich 6,1 dollar, Sergelida 7 dollar, Uchtepa va Olmazor tumanlarida esa o‘rtacha 7,5 dollar atrofida qayd etilgan.
Shu bilan birga, yillik o‘sish sur’ati bo‘yicha Yashnobod tumani yetakchilik qilmoqda — 18,9 foiz. Mirzo Ulug‘bek tumanida 14,3 foiz, Yakkasaroyda esa 12,5 foizlik o‘sish kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda ko‘chmas mulk bozoridagi umumiy holat, uy-joy narxlari va narxga ta’sir qiluvchi omillar haqida ma’lumot bergan edik.






