Poytaxtda ochiq olovda taom tayyorlaydigan ovqatlanish obyektlari ustidan nazorat kuchaytirildi
Qonun hujjatlari talablariga mos kelmagan ovqatlanish nuqtalari vaqtincha yopiladi.
© Foto: t.me/poytaxt_uzToshkent shahar hokimligi poytaxtda ochiq olovda taom tayyorlaydigan umumiy ovqatlanish obyektlari ustidan nazorat kuchaytirilganini ma’lum qildi. Tozalash va samarali tutun chiqarish tizimisiz faoliyat yuritayotgan somsa, kabob va mangal shoxobchalari qonun talablariga moslashtirilgunga qadar vaqtincha to‘xtatiladi.
Ma’lumotga ko‘ra, sanitariya va ekologik talablarga rioya qilmagan holda ishlayotgan nuqtalarga nisbatan tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Nazorat tadbirlari davomida piyodalar hududlarida va turar-joy binolari yaqinida tandir, pech yoki mangal o‘rnatgan obyektlar aniqlangan.
Muhandislik yechimlari, chiqindilarni tozalash hamda tutunni filtrlash tizimisiz ishlash aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi ta’kidlanmoqda. Bunday holat shahar muhiti sifatining yomonlashuviga va fuqarolar e’tirozlarining ortishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Hokimlik tadbirkorlarga faoliyatni qisqa muddatda qonuniylashtirish, sanitariya me’yorlariga qat’iy amal qilish, zamonaviy filtr va samarali tutun chiqarish uskunalarini o‘rnatishni tavsiya qildi. Shuningdek, texnologik jarayonlarni ekologik standartlarga muvofiqlashtirish zarurligi urg‘ulandi.
Nazorat ishlari izchil davom ettiriladi va qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda tegishli choralar ko‘riladi.
Fuqarolar shikoyat yoki murojaatlarini sanitariya-epidemiologiya xizmati boshqarmasining ishonch telefoni yoki maxsus telegram bot orqali yuborishlari mumkin.
Ishonch telefoni: (71) 248-12-43
Murojaat uchun Telegram-bot: @sanepidmurojaatbot
Tuman bo‘limlarining ishonch telefonlari:
• Bektemir — 71 295-02-50;
• Yakkasaroy — 71 254-64-26;
• Mirobod — 71 283-36-21;
• Yunusobod — 71 221-77-40;
• Yashnobod — 71 289-77-31;
• Olmazor — 71 246-62-17;
• Shayxontohur — 71 244-21-84;
• M. Ulug‘bek — 71 269-75-25;
• Sergeli — 71 258-33-80;
• Uchtepa — 71 217-22-85;
• Chilonzor — 71 278-50-78;
• Yangihayot — 55 517-17-15.
Avvalroq Yashnoboddagi savdo majmuasida yuz bergan yong‘in holatidan keyin Toshkentdagi boshqa savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida yong‘in xavfsizlik talablari kuchaytirilgani ma’lum qilingan edi.





