Qalbaki hujjatlar orqali QQSdan 2 mlrd so‘m «ishlaganlar» qo‘lga olindi

Бугун 10:252 дақиқа

20 mlrd so‘mlik soxta tovar aylanmasi hujjatlari orqali budjetdan 2 mlrd so‘m QQSni qaytarishni rejalashtirgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.

Qalbaki hujjatlar orqali QQSdan 2 mlrd so‘m «ishlaganlar» qo‘lga olindi © DXX matbuot xizmati

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlarida hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida yirik soliq qochirish sxemasiga chek qo‘yildi.

Qalbaki hujjat

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MCHJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirgan. U 2025–2026 yillarda korxona go‘yoki 20 mlrd so‘mlik tovar aylanmasiga ega bo‘lgani haqida qalbaki hujjatlar tayyorlab berishni taklif qilgan.

Buning evaziga u budjetdan 2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berishni va’da qilgan hamda «xizmat» uchun 340 mln so‘m talab qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, sxemaning amaliy qismi Andijonda yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan bajarilgan. U tanish korxonalar o‘rtasida soxta elektron shartnoma tuzib, 18,6 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari va xizmatlar ko‘rsatilgani haqida 10 ta qalbaki hisob-faktura rasmiylashtirgan.

Natijada, ushbu soxta hujjatlar orqali 2 mlrd so‘m QQSni qaytarishga erishilgan. Keyin esa talab qilingan mablag‘ni jinoiy sheriklar orqali olish vaqtida gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.

Xizmat haqi

Aniqlanishicha, 340 mln so‘m mablag‘ jinoiy guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlanishi kerak bo‘lgan. Hozirda to‘rt nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov doirasida mazkur sxemada ishtirok etgan soliq idoralari xodimlarini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид