Qamchibek Tashiyevning o‘rniga yangi rahbar tayinlandi

19.02.2026 | 15:103 дақиқа

Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining raisi etib tayinlandi.

Qamchibek Tashiyevning o‘rniga yangi rahbar tayinlandi

Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sadir Japarov farmoniga muvofiq, Shabdanbekov Jumgalbek Kumarovich Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Ushbu qaror Konstitutsiyaning 70-moddasi 1-qismi 2-bandi hamda 71-moddasiga asosan qabul qilingan.

Yangi farmonga ko‘ra, Shabdanbekov mazkur lavozimga o‘tishi munosabati bilan avval yuklatilgan vazifalaridan ozod etildi. Bu esa mamlakat xavfsizlik tizimida boshqaruvni qayta shakllantirish jarayoni davom etayotganini ko‘rsatadi.

Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Qirg‘izistonning ichki va tashqi xavfsizligini ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, shuningdek strategik xavflarni bartaraf etishda asosiy vakolatli organ hisoblanadi. Shu bois ushbu lavozimga tayinlov mamlakat siyosiy va institutsional tizimi uchun muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda Qirg‘izistonda davlat boshqaruvi va xavfsizlik sohasida islohotlar faollashgan. Prezident Japarov rahbarligida qator yuqori lavozimlarda kadrlar almashinuvi kuzatilmoqda.

Jumgalbek Shabdanbekov kim?

Shabdanbekov 1970 yili Norin viloyati Jumg‘al tumani Chayok qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1991 yili Qirg‘iz milliy universitetining iqtisodiyot fakultetini tamomlagan.

Jumgalbek Shabdanbekov oliygohni tamomlaganidan so‘ng Talas viloyati Soliq xizmatida faoliytini boshlab, inspektor, katta inspektor sifatida ishlagan.

U 1994 yildan Milliy xavfsizlik organlarida faoliyat yuritadi, Davlat muhofazasi xizmatida, Antiterror markazida, kontrrazvedka va Antikorrupsiya xizmatida turli lavozimlarda ishlaydi.

Shabdanbekov 2020 yil oktabr oyida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – 9-xizmat boshlig‘i lavozimiga tayinlanadi. 2022 yili unga general-mayor unvoni beriladi.

U 2026 yil 10-fevral kuni prezident Sadir Japarovning farmoni bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.



MXDQdagi «tozalash» va yangi tayinlovlar

Qamchibek Tashiyev 10-fevral kuni vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, uning uch nafar o‘rinbosari — Kurvanbek Avazov, Daniel Risaliyev va Elizar Smanov ham ishdan olindi. Maxsus xizmat raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Jumgalbek Shabdanbekov tayinlandi.

Prezident Sadir Japarov voqealar fonida bergan intervyusida Tashiyev tayinlagan vazirlar va uning yaqinlarini ishdan bo‘shatish boshlagani, ba’zilari esa o‘z xohishiga ko‘ra ketayotgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.

«Hammaga xotirjam ishlashni aytdim. O‘z xohishi bilan ketayotganlar — marhamat. Barcha vazirliklarni o‘g‘rilik fakti bo‘yicha tekshiryapmiz, topilsa, jazoga tortiladi. Men har doim vazirlarni qarindoshlar va do‘stlarni ishga olmang, deb ogohlantirganman. Yaqinlarimdan hech biri yuqori davlat lavozimini egallamagan», – dedi u.

Japarov davlat boshqaruvi kuch bilan emas, aql bilan amalga oshirilishi lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, mamlakatda davlat tuzilmalari faoliyati shaxsan nazorat qilinadi va yuzaga kelayotgan muammolarga tezkor chora ko‘rilmoqda. Prezident barcha islohotlar qonun doirasida amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar asossiz bo‘lib, mamlakatda barqarorlik saqlanmoqda.

Japarov Tashiyev lavozimdan ketganidan so‘ng, u bilan shaxsan uchrashgan

«Biz do‘st bo‘lib qolamiz. Ammo u davlat xizmatiga qaytmaydi. U dam olishi va sog‘lig‘ini tiklashi kerak. Atrofini tozalasin, «oqsoqollar va ko‘ksoqollar»dan xalos bo‘lsin.

Tergov xizmatlari hammasini aniqlab, tozalab beradi. Albatta, hozir u rahmat demaydi, xafa bo‘ladi. Ammo yillar o‘tib, «Do‘stim, o‘shanda to‘g‘ri qilgan ekansan», deb minnatdorlik bildiradi», — dedi prezident.

Shu bilan birga, u bu qaror hech qanday tashqi bosim yoki kelishuvlar bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Теглар

Мавзуга оид