Qanday mashinalar «antikvar» sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi?
1-fevraldan 50 yildan oshgan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ulardan foydalanish taqiqlandi, faqat «antikvar» maqomini olgan transport vositalari bundan mustasno. Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati avtomobilni antikvar deb topilishi uchun qanday talablar borligini tushuntirdi.

O‘zbekistonda 2026 yil 1-fevraldan ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlandi. Mazkur cheklov «antikvar» sifatida e’tirof etilgan avtomototransport vositalariga tatbiq etilmaydi. YHXX axborot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev avtomobil «antikvar» deb topilishi uchun qanday talablar borligini tushuntirdi.
Ma’lum qilinishicha, ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan, asl holati va asosiy agregatlari saqlangan mashinalar «antikvar» transport vositasi sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunday avtomobillarga alohida seriyali davlat raqam belgilari beriladi.
Asosiy agregatlar deganda quyidagilar tushuniladi:
— mashina tashqi ko‘rinishi, tuzilishi va kuzovi o‘zgarmagan bo‘lishi lozim;
— dvigateli va yoqilg‘i turi almashmagan bo‘lishi shart;
— dvigateldan chiqqan kuchni g‘ildiraklarga uzatuvchi ssepleniya, ballonlar, tormoz va rul boshqaruv tizimlari, uzatmalar
— qutisi, elektr jihozlari hamda salon o‘rindiqlarining joyi va shakli asl holatda bo‘lishi talab etiladi.
Agar avtomobil ushbu talablarga javob bermasa, u «antikvar» deb topilmaydi va davlat ro‘yxatidan chiqariladi. Bu holatda bunday transport vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil holatiga mamlakatda ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan 87,6 mingta avtomobil ro‘yxatda turadi. Vazirlik bunday transportlar zamonaviy xavfsizlik va ekologik standartlarga javob bermasligini, shuningdek, atrof-muhitga 30 foizgacha ko‘proq zararli chiqindilar chiqarishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-fevraldan ishlab chiqarilganiga 50 yildan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish taqiqlanishi haqida xabar bergan edik.





