Qashqadaryodagi zavodga 11 mlrd so‘mlik ekologik kompensatsiya belgilandi

Бугун 09:302 дақиқа

Qashqadaryo viloyatidagi Muborak gazni qayta ishlash zavodi faoliyatida ekologik qonunbuzilishlar aniqlanib, korxonaga qariyb 11 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya belgilandi.

Qashqadaryodagi zavodga 11 mlrd so‘mlik ekologik kompensatsiya belgilandi © Ekologiya va iqlim o‘zgarishi miliy qo‘mitasi

Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi Ekologiya politsiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda zavod hududida qurilish va boshqa turdagi chiqindilar noqonuniy joylashtirilgani ma’lum bo‘lgan.

Havoga tarqalayotgan zararli gazlar

Tekshiruv xulosalariga ko‘ra, chiqindilar sabab havoga tarqalayotgan chang zarralari atmosfera ifloslanishiga olib kelgan. Shuningdek, zararli gazlarni yoqish jarayonida oltingugurt, uglerod va azot oksidlari belgilangan me’yordan ortiq darajada havoga chiqarilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonida gazni tozalashdan hosil bo‘lgan, tarkibida neft mahsulotlari mavjud oqova suvlar ochiq maydonlarga tashlangani ham qayd etilgan. Shu asosda korxonaga nisbatan 7 banddan iborat majburiy ko‘rsatma berilgan.

Belgilangan kompensatsiya

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, korxonaga yetkazilgan ekologik zarar uchun 10 milliard 834 million so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya hisoblangan. Hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun sudga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026 yil avgust oyidan boshlab ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, suvlarni ifloslantirish, daryo o‘zanlarini tozalash qoidalarini buzish yoki hududdagi daraxtlarni muhofaza qilmaslik kabi holatlar uchun atrof-muhitga yetkazilgan zarardan bir necha barobar yuqori jarimalar qo‘llanishi mumkin.

Avvalroq 23-aprel kun Boysun tumanidada sodir bo‘lgan sel oqimi «ERIEEL GROUP» tomonidan yasalgan neft mahsuloti saqlovchi dambani yuvib ketishi oqibatida mazut Surxondaryogacha oqib kelgan. Natijada ekologiyaga 8,5 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani ma’lum qilingandi.

Теглар

Мавзуга оид

Qashqadaryodagi zavodga 11 mlrd so‘mlik ekologik kompensatsiya belgilandi | Vaqt.uz