Logo

Qizil dengizda yangi harbiy koalitsiya: Saudiya Arabistoni atrofida 13 davlat birlashdi

Бугун 12:344 дақиқа

Fors ko‘rfazidagi energetika infratuzilmalariga tahdid va global neft tranzitidagi yo‘qotishlar fonida Saudiya Arabistoni Qizil dengiz mudofaa ittifoqi rasman ish boshlaganini e’lon qildi.

Qizil dengizda yangi harbiy koalitsiya: Saudiya Arabistoni atrofida 13 davlat birlashdi

Saudiya Arabistoni va yana 13 ta davlat Bob al-Mandab bo‘g‘ozi, Qizil dengiz va Aden ko‘rfazi orqali erkin kema qatnovini himoya qilish maqsadida harbiy-dengiz koalitsiyasi tuzilganini tasdiqladi. Kelgusida unga boshqa davlatlarning ham qo‘shilishi kutilmoqda.

Bahrayn, Bangladesh, Komor orollari, Jibuti, Misr, Iordaniya, Quvayt, Pokiston, Qatar, Saudiya Arabistoni, Somali, Sudan, Turkiya va Yaman mazkur shartnomani birinchilardan bo‘lib imzoladi.

Saudiya Arabistoni bayonot berdi

Payshanba kuni Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi 15 ta davlat deklaratsiya imzolaganini, ulardan 13 tasi esa koalitsiyaga to‘liq qo‘shilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni vazirlik jamoaviy dengiz mudofaasi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Ko‘p millatli dengiz mudofaasi ittifoqi tuzilganini e’lon qilgan edi. Vazirlik yangi tuzilmani «maqsad va tamoyillariga mos keluvchi barcha davlatlar uchun ochiq bo‘lgan xalqaro koalitsiya» sifatida ta’riflab, a’zolik uchun yangi talabnomalarni qabul qilish davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

13-avgust kuni vazirlik «X» tarmog‘idagi sahifasida quyidagicha xabar qoldirdi:

«Qo‘shma bayonotni imzolagan davlatlar soni 15 taga yetdi. 13 ta davlat esa ichki milliy tartib-qoidalarni yakuniga yetkazib, koalitsiya ustavini imzoladi va unga rasman qo‘shilganini e’lon qildi».

Ushbu bayonot 13-avgust kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan ittifoqning uchinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha berildi.

«Bu koalitsiyaning institutsional va operativ faoliyat bosqichi amalda ishga tushganini anglatadi. Qolgan davlatlar esa tashkilotga qo‘shilish uchun zarur bo‘lgan milliy tartib-qoidalarni yakunlash ustida ishlamoqda», — deya ta’kidladi Saudiya Mudofaa vazirligi.

Ittifoqning aynan qanday faoliyat yuritishiga oid tafsilotlar hali ishlab chiqilmoqda. Biroq vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, a’zo davlatlar o‘zaro razvedka axborotlarini almashadi, tezkor rejalar tuzadi, shuningdek, harbiy salohiyatni oshirish va qo‘shma operatsiyalar o‘tkazish bilan birga, hamkorlikda dengiz mashg‘ulotlarini olib boradi.

Mazkur koalitsiyaning ahamiyati nimada?

Yangi koalitsiyaning tuzilgani AQSH va Isroilning Eronga qarshi olib borayotgan urushi Fors ko‘rfazi mintaqasidagi energetika va fuqarolik infratuzilmasiga jiddiy putur yetkazishda davom etayotgan bir paytda e’lon qilindi.

Shuningdek, bu holat mojaro markazi Ho‘rmuz bo‘g‘oziga ko‘chayotgan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Ilgari global neft va tabiiy gaz eksportining qariyb 20 foizi o‘tadigan ushbu yo‘nalishning amalda yopilib qolishi jahon iqtisodiyotiga og‘ir zarba bo‘ldi.

So‘nggi keskinlashuvlar fonida Bob al-Mandab – Qizil dengiz – Aden ko‘rfazi yo‘nalishida Saudiya Arabistoni bayrog‘i ostida suzayotgan kemalar Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Yamandagi husiylarning takroriy hujumlari nishoniga aylandi.

Xalqaro inqirozlar guruhining Yaman bo‘yicha katta tahlilchisi Ahmad Naji «Al Jazira»ga bergan intervyusida yangi dengiz ittifoqi katta ahamiyat kasb etishi mumkinligini, biroq uning haqiqiy nufuzi amalda qanchalik samarali ishlashiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

«Biz avvallari ham dengiz xavfsizligi bo‘yicha bir qator tashabbuslarni, jumladan, Aden ko‘rfazidagi qaroqchilik inqirozi davrida tuzilgan tashkilotlarni ko‘rganmiz. Bu tashabbuslarning ayrimlari siyosiy ahamiyatga ega bo‘lsa-da, ko‘pchiligi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini aniq amaliy natijalarga aylantirishda qiyinchiliklarga duch kelgan», — dedi u.

«Bu holat mazkur ittifoqqa ham tegishli. Agar u o‘zaro kelishuvlar va siyosiy majburiyatlarni dengiz xavfsizligi hamda kemalar qatnovi erkinligiga tahdidlarni bartaraf etadigan real harakatlarga aylantira olsagina, muhim ahamiyatga ega bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi ekspert.

Bu ittifoq qanday maqsadlarni ko‘zlaydi?

Najining ta’kidlashicha, bu ittifoq Saudiya Arabistonining nafaqat husiylarni tiyib qo‘yish, balki ularning Qizil dengizdagi kemalarga qilayotgan hujumlari faqatgina Ar-Riyodning emas, balki butun dunyoning muammosi ekanini ko‘rsatishga qaratilgan urinishidir.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi husiylar 2014 yilda Yaman poytaxti Sano shahrini o‘z nazoratiga olgan edi. O‘shandan buyon ular Aden port shahrida joylashgan, Saudiya Arabistoni homiylik qilayotgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumatga qarshi kurashib kelmoqda.

28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi Tehronga berilgan zarbalar bilan boshlangach, bu keskinlik yanada kuchaydi. Tehronning qo‘lloviga tayangan husiylar Qizil dengizda Saudiya bayrog‘i ostida suzayotgan kemalar va neft inshootlariga hujumlar uyushtirmoqda. Mojaroning avj olishi husiylar Qizil dengizni Aden ko‘rfazi bilan bog‘lovchi asosiy ta’minot yo‘nalishi hisoblangan Bob al-Mandab suv yo‘lini to‘liq to‘sib qo‘yishi mumkin, degan xavotirlarni uyg‘otdi.

«Ar-Riyod nuqtai nazaridan, bu hujumlarga javob qaytarish faqatgina Saudiya Arabistonining zimmasiga tushmasligi kerak. Aksincha, husiylarga va ular Qizil dengizda keltirib chiqarayotgan boshboshdoqlikka qarshi kurashish uchun keng ko‘lamli xalqaro sa’y-harakatlar zarur», — dedi Naji.

Uning qayd etishicha, hozircha bu tuzilma «asosan mudofaa xarakteridagi ittifoq» bo‘lib turibdi.

«Ittifoqning husiylarga qarshi hujum operatsiyalarini boshlash niyati borligini ko‘rsatuvchi hech qanday ishora yo‘q. Biroq bu — hujumlar davom etaversa, saudiyaliklar jim qarab turadi, degani emas. Vaqti kelib Ar-Riyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob qaytarish kerak, degan qarorga kelishi mumkin», deya ta’kidladi u.

Najining tushuntirishicha, agar shunday holat yuz bersa, ittifoq Saudiya Arabistoniga kengroq xalqaro qo‘llab-quvvatlov ostida harakat qilishi uchun zamin yaratib beradi.

Теглар

Мавзуга оид