Qizil, yashil va ko‘kdan keyin oltin. Dubayda yangi metro liniyasi quriladi

Бугун 18:423 дақиқа

Dubay jamoat transporti tizimi tarixidagi eng yirik loyiha – «Gold Line» metro yo‘nalishi e’lon qilindi. 34 mlrd dirhamlik yangi metro loyihasi 1,5 million aholiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.

Qizil, yashil va ko‘kdan keyin oltin. Dubayda yangi metro liniyasi quriladi © Муҳаммад бин Рашид Ол Мактумнинг «X»даги саҳифаси

Dubay o‘z tarixidagi eng yirik jamoat transporti kengayishini boshlamoqda – yangi metro liniyasi loyihasi BAA vitse-prezidenti, bosh vaziri va Dubay amiri Muhammad bin Rashid Ol Maktum tomonidan bugun, 22-aprel kuni e’lon qilindi.

34 mlrd dirhamlik (taxminan 9,2 mlrd dollar) loyiha Dubay metro tarmog‘ini taxminan 25 foizga kengaytiradi va 2032-yil 9-sentabrgacha yakunlanishi rejalashtirilgan. «Gold Line» (Oltin yo‘lak) to‘liq yerosti metro liniyasi bo‘lib, uzunligi 42 kilometrni tashkil etadi. U 40 metrgacha chuqurlikda joylashadi va amirlik bo‘ylab 15 ta strategik hududdan o‘tadi.

Muhammad bin Rashid Ol Maktum ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida loyihani Dubay tarixidagi eng yirik transport tashabbusi sifatida ta’riflab, u shaharning tez sur’atlarda kengayib borayotgan turarjoy va tijorat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

«Biz Dubaydagi eng yirik transport loyihasi – 42 kilometrlik yangi metro liniyasini e’lon qilishdan mamnunmiz. U shahar bo‘ylab 15 ta muhim strategik hududdan o‘tadi, taxminan 1,5 million aholiga xizmat ko‘rsatadi va hozir qurilayotgan 55 ta yirik ko‘chmas mulk loyihalari bilan aloqalarni mustahkamlaydi. Dubayni dunyoda yashash uchun eng yaxshi shaharga aylantirishga qaratilgan yirik loyihalarimiz reja bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Kelgusi tashabbuslarimiz to‘xtamaydi, aksincha yanada jadallashadi. Bizning rejamiz – millionlab odamlar uchun yanada yaxshi kelajak barpo etish. Biz so‘zimizda turamiz va uni amalga oshiramiz», – deb yozdi Dubay amiri.

«Gold Line» loyihasi Dubay transport tizimini tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda

Loyiha Dubayning tez kengayib borayotgan turarjoy va tijorat hududlari o‘rtasida bog‘lanishni yaxshilash uchun mo‘ljallangan. U to‘liq ishga tushgach, 2040-yilga borib kuniga taxminan 465 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. Shu bilan birga, hozir qurilayotgan 55 dan ortiq yirik ko‘chmas mulk loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Liniya shaharning tarixiy qismidagi Al Gubaibadan boshlanib, «Jumeirah Golf Estates»gacha cho‘ziladi. U Dubay metrosining mavjud qizil va yashil liniyalari bilan ham integratsiya qilinadi.

Shuningdek, yangi yo‘nalish ikki nuqtada BAAning yo‘lovchi temiryo‘li – «Etihad Rail» bilan bog‘lanadi.

1

«Gold Line» uchta joyda mavjud qizil va yashil liniyalari bilan kesishadi: «Business Bay», Al Gubaiba va «Jumeirah Golf Estates». Biroq taqdim etilgan xaritada hozir qurilayotgan ko‘k liniya bilan hech qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri kesishuv ko‘rsatilmagan. Ko‘k liniya 2029-yil 9-sentabrgacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

Yangi loyihasi to‘liq yerosti infratuzilmaga asoslanadi

Loyiha zamonaviy tonnel qazish (tunnel-boring) texnologiyasidan foydalanadi va mavjud metro tizimidagi tonnellar umumiy uzunligining ikki baravariga teng yangi yerosti yo‘llarini qo‘shadi. Dubayning metro infratuzilmasi shu orqali sezilarli darajada kengayadi.

Video taqdimotida ta’kidlanishicha, ushbu loyiha yerosti transport tizimini yanada rivojlantiradi va hozirgi tarmoqqa nisbatan ikki barobar ko‘proq yerosti infratuzilma yaratishni ko‘zda tutadi.

Shu bilan birga, shahar kelajakda yana bir yangi tezkor yerosti tizimini – «Dubai Loop» loyihasini ham rejalashtirmoqda. U 12 fut (taxminan 3,6 metr) kenglikdagi tonnellar orqali harakatlanish vaqti keskin qisqartirilishini maqsad qiladi.

«Gold Line» loyihasi iqtisodiy jihatdan ham yuqori samara berishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, u 20 yillik faoliyat davomida investitsiyalarga nisbatan 430 foizgacha jamlangan daromad keltirishi mumkin.

9-sentabr Dubay metrosi uchun nega muhim?

Dubay metrosi shahardagi jamoat transportining asosiy ustuni hisoblanadi. U birinchi marta aynan 2009-yil 9-sentabr kuni, 09:09:09 da Muhammad bin Rashid Ol Makdum tomonidan tantanali ravishda ishga tushirilgan.

Dubay metrosining yashil liniyasi rasman 2011-yil 9-sentabr kuni ochilgan, jamoat xizmati esa 2011-yil 10-sentabrdan boshlangan. U 23 kilometrlik asosiy yo‘nalish bo‘lib, Deyra va Bur Dubay tarixiy hududlarini bog‘laydi. Unda 20 ta bekat mavjud bo‘lib, shundan 8 tasi yerosti, 12 tasi esa yer ustidir.

Ko‘k liniya esa 2029-yil 9-sentabr kuni ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu sana qizil liniya ochilganidan aniq 20 yil o‘tishi bilan mos keladi. Loyiha qurilishi 2026-yilda 30 foizga yakunlanishi kutilmoqda. 30 kilometrlik ushbu liniya 14 ta yangi bekatni o‘z ichiga oladi (5 tasi yerosti, 9 tasi yer ustida bo‘ladi) va «Dubai Creek Harbour», «Dubai Silicon Oasis» hamda «Academic City» kabi muhim hududlarni mavjud tarmoq bilan bog‘laydi.

Теглар

Мавзуга оид