Qo‘qondagi portlash ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

26.02.2026 | 10:401 дақиқа

Ko‘p qavatli uydagi baxtsiz hodisa bir fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Qo‘qondagi portlash ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan portlash yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV Tergov departamenti ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, hodisa 25-fevral kuni Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi uyda yuz bergan. Portlash ortidan yong‘in kelib chiqqan. Tergov harakatlari Farg‘ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud Tergov bo‘limi tomonidan boshlangan va ish Tergov departamenti nazoratiga olingan.

Baxtsiz hodisa oqibatida ushbu uyda yashagan, 2007 yilda tug‘ilgan fuqaro beton qoplama bosib qolishi sabab og‘ir tan jarohati olgan va voqea joyida vafot etgan. Ayni paytda boshqa jabrlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Portlash tufayli bir nechta xonadonlarga zarar yetgan.

Hodisa sabablarini aniqlash maqsadida joy ko‘zdan kechirilmoqda. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov rahbarligida tergov-tezkor guruhi tuzilib, mas’ullarga zarur topshiriqlar berilgan. Jumladan, hodisa joyini protsessual talablarga muvofiq hujjatlashtirish, ahamiyatli ashyolarni olish va guvohlardan ko‘rsatmalar yig‘ish vazifalari belgilangan.

Eslatib o‘tish joiz, Qo‘qonda 16-fevral kuni ham ko‘p qavatli uyda gaz portlashi qayd etilgan edi. O‘shanda to‘rt nafar fuqaro turli darajada kuyish jarohati olgan, ulardan biri shifoxonada vafot etgandi.

Теглар

Мавзуга оид