Qozog‘iston Prezidenti Buxoroga keldi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev amaliy tashrif bilan Buxoroga kelib, Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.

Qozog‘iston Prezidenti Buxoroga keldi

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan mamlakatimizga amaliy tashrif bilan keldi. Oliy martabali mehmon Buxorodagi xalqaro ayeroportda davlat rahbari tomonidan rasmiy tarzda kutib olindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kutib olish marosimi milliy an’analar asosida o‘tkazildi. Tantanali tadbirda ikki davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi, milliy kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etildi. Bu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tashrif doirasida yetakchilar ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Unda savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport, sanoat va madaniy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, Qozog‘iston delegatsiyasi Buxorodagi sanoat korxonalari faoliyati bilan ham tanishadi.

Davlat rahbarlari tashrif davomida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Ushbu majmua Buxoro shahridan taxminan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrda yashagan buyuk mutafakkir, naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.

Majmua asrlar davomida shakllangan bo‘lib, uning tarkibida maqbara, xonaqoh, masjidlar va tarixiy sulolalar vakillari dafn etilgan daxmalar joy olgan. So‘nggi yillarda bu hudud keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari orqali qayta tiklandi, infratuzilma yangilandi.

Ziyorat chog‘ida Qur’on oyatlari tilovat qilinib, ikki xalq farovonligi va tinchligi uchun duo qilindi. Bu tashrif O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlarining yana bir muhim ifodasi sifatida baholanmoqda.

Теглар

Мавзуга оид