Qozog‘istonda pora taklif qilishning o‘zi ham jinoyat deb tan olinmoqda
Endi Qozog‘istonda pora olish va berishdan tashqari, uni va’da qilish yoki taklif etishning o‘zi ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
© DepositphotosQozog‘iston parlamenti korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonunlar to‘plamini ma’qulladi. Yangi tartibga ko‘ra, nafaqat pora olish va berish, balki pora berishni va’da qilish, taklif etish yoki talab qilishning o‘zi ham jinoyat sifatida baholanadi. Bu haqda Tengrinews nashri xabar berdi.
Taklif qilishning o‘zi ham jinoyat
Muhim yangiliklardan biri — pora berish niyatining o‘zi jinoyat sifatida baholanishidir. Qonunga ko‘ra, pora taklifi yoki va’dasi og‘zaki tarzda bildirilgan bo‘lsa ham, yozma xabar orqali yuborilgan bo‘lsa ham javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Senator Yevgeniy Bolgert ushbu norma amalda qanday qo‘llanilishi haqida savol ko‘tardi. Uning ta’kidlashicha, poraning o‘zi berilmagan holatda ham faqat og‘zaki va’da uchun jinoiy javobgarlikka tortish masalasi huquqiy jihatdan aniqlashtirilishi lozim.
Senator Andrey Lukin esa mazkur o‘zgarishlar korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni kuchaytirish va huquqbuzarliklarni yashirish holatlariga qarshi samarali mexanizm yaratishini bildirdi.
Yozishmalar dalil bo‘ladi
Senat spikeri Maulen Ashimbayevning ta’kidlashicha, jinoiy niyat turli shakllarda qayd etilishi mumkin. Bunda og‘zaki murojaatlar, xabar almashinuvlari, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalar va internet orqali yuborilgan xabarlar isbot sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sudlar bunday ishlar bo‘yicha qaror qabul qilishda mavjud isbotlash amaliyoti va protsessual qoidalarga tayanadi.





