Qozog‘istonda soliqdan qarzi borlarga mamlakatdan chiqish taqiqlanadi

Бугун 14:532 дақиқа

2026 yil 1-iyuldan boshlab yirik soliq qarziga ega kompaniya rahbarlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga Qozog‘istondan chiqish vaqtincha cheklanishi mumkin. Bu haqda Qozog‘iston Davlat daromadlari qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qozog‘istonda soliqdan qarzi borlarga mamlakatdan chiqish taqiqlanadi © armlegal

1-iyuldan Qozog‘istonda soliq qarzini majburiy undirishning yangi chorasi kuchga kiradi. Davlat daromadlari qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu norma Soliq kodeksida nazarda tutilgan.


U yuridik shaxslarning birinchi rahbarlari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Ularga mamlakatdan chiqish vaqtincha cheklanishi mumkin.


Chiqish taqiqi 27 ming MRPdan (2026-yilda 116 million 775 ming tenge) ortiq soliq qarzi mavjud bo‘lib, u 3 oydan ziyod vaqt davomida to‘lanmagan hollarda joriy etilishi mumkin. Shu bilan birga, soliq organlari taqiq avtomatik tarzda qo‘llanmasligini ta’kidladi.

«Cheklov faqat davlat daromadlari organlarining qarori asosida va Qozog‘iston Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda sud sanksiyasi bilan joriy etiladi», – deyiladi qo‘mita xabarida.

Idora, shuningdek, qonunchilik ijtimoiy kafolatlarni ham nazarda tutishini bildirdi. Agar shaxs davolanish uchun xorijga chiqishi kerak bo‘lsa, tasdiqlovchi tibbiy hujjatlar taqdim etilganda cheklov muayyan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.


Cheklov soliq qarzi to‘liq qoplangach, qarz mavjud emasligi tasdiqlangach yoki soliq majburiyati belgilangan tartibda tugatilgandan keyin bekor qilinadi. Barcha qarorlar davlat daromadlari organlari va Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi axborot tizimlari orqali elektron shaklda yuboriladi.Davlat daromadlari qo‘mitasiga ko‘ra, yangi norma yirik soliq qarzlari bo‘yicha majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlashning oldini olish va soliq ma’murchiligi samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Yangi soliq kodeksi

Yangi soliq kodeksi 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirdi. Yanvar oyida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev jamoatchilik takliflarini yangi kodeksni qo‘llash masalasida batafsil o‘rganish va zarur bo‘lsa unga o‘zgartirishlar kiritishni topshirdi. U Soliq kodeksini «muqaddas matn emas» deb ta’kidlagan.

Keyinchalik bosh vazir o‘rinbosari Serik Jumang‘arin ham Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim masalalar ishchi guruh muhokamasiga yuborilgan va yil oxirigacha o‘zgarishlar kiritilishi ehtimoli bor.

Shuningdek, soliq kodeksiga tuzatishlar yangi parlament – Qurultoyda ham ko‘rib chiqilishi mumkinligi aytilgan. Milliy iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Azamat Amrin hukumat kuzda qonun loyihasi bilan kirish rejasini bildirgan. OAVda ta’kidlanishicha, biznes yangi soliq kodeksiga moslashish uchun vaqt olayotgani ham qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид