Logo

Qurilish sohasida shikoyatlar soni keskin oshdi

Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan eng ko‘p murojaatlar qurilish muddatlarining kechiktirilishi va iste’molchilar huquqlarining poymol etilishi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Qurilish sohasida shikoyatlar soni keskin oshdi © vaqt.uz

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida mazkur yo‘nalish bo‘yicha qariyb mingta murojaat kelib tushgan.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil davomida qurilish sohasi bo‘yicha jami 1706 ta murojaat qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki uch oyidayoq bu ko‘rsatkich mingtaga yaqinlashgan. Bu esa sohadagi muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Fuqarolar nimadan shikoyat qilishmoqda?

Fuqarolar asosan qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi, obyektlarni topshirish muddatlarining kechiktirilishi, texnik talablarga javob bermaydigan materiallardan foydalanilishi hamda loyihalar taqdimotida berilgan va’dalarning bajarilmasligi yuzasidan shikoyat qilgan.

Qo‘mita ayniqsa qurilish obyektlarini o‘z vaqtida topshirish bilan bog‘liq muammolar va qurilish uchun zarur ruxsatnomalar rasmiylashtirilmasdan turib aholidan mablag‘ yig‘ish holatlari ko‘payganini ta’kidladi.

Idora fuqarolarga uy-joy sotib olishda shartnomalarni sinchiklab o‘rganishni tavsiya qildi. Xususan, ulushli qurilish yoki yangi qurilgan uy-joy xarid qilishda taraflarning huquq va majburiyatlari, obyektni topshirish muddatlari hamda ushbu muddatlar buzilganda qo‘llaniladigan javobgarlik choralariga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Uy sotib oluvchi fuqarolarga eslatma

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4732 sonli Qaroriga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarni ulush asosida qurish uchun aholi yoki tashkilotlarning pul mablag‘larini jalb qilish huquqi faqat yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, maxsus elektron ro‘yxatga kiritilgan quruvchi kompaniyalarga beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-246-sonli Farmoniga muvofiq, xaridor va sotuvchi o‘rtasida hisob-kitoblarning shaffofligi va ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida to‘lovlar eskrou hisobvarag‘i orqali, shu jumladan bank kassalari yoki naqdsiz hisob-kitob shaklida amalga oshirilishi belgilangan.

Теглар

Мавзуга оид

Qurilish sohasida shikoyatlar soni keskin oshdi | Vaqt.uz