Qurol va xakerlar: Shimoliy Koreyaning valuta tushumlari so‘nggi 8 yildagi eng yuqori darajaga chiqdi
Kim Chen In rejimi kiberhujumlardan yiliga kamiga 1 mldr dollar daromad topishi hamda Rossiyaga taxminan 14 mlrd dollarlik qurol va hatto harbiy kuchlar yuborgani aytiladi.

Shimoliy Koreyaning valyut tushumlari so‘nggi sakkiz yil ichida eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘sishning asosiy omillari Rossiyaga Ukrainaga qarshi urush uchun qurol yetkazib berish va global kiberhujumlardan olinayotgan daromadlardir. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.
ODNI (AQSH Milliy razvedka direktori ofisi)ning 18-mart kuni e’lon qilingan yillik hisobotiga ko‘ra, KXDR 2018-yilda joriy etilgan qat’iy xalqaro sanksiyalar ta’sirini deyarli yo‘qqa chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.
Kiberjinoyat – davlat biznesi sifatida
Shimoliy Koreya har yili kamida 1 mlrd dollar miqdorida kiberhududdagi noqonuniy operatsiyalar orqali daromad topadi. Bu mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri Kim Chen In rejimi armiyasi va yangi raketa hamda yadroviy texnologiyalarni ishlab chiqishga yo‘naltiriladi.
AQSH razvedkasi bir necha asosiy usullarni ajratib ko‘rsatadi:
— Xakerlar armiyasi: maxsus guruhlar moliyaviy mablag‘larni (jumladan kriptovalyutalarni) o‘g‘irlash va sanoat shpionaji bilan shug‘ullanadi;
— Niqoblangan IT-mutaxassislar: KXDR minglab mutaxassislarni soxta hujjatlar bilan dunyo bo‘ylab ishga joylashtiradi, ular kompaniyalarga kirib, moliyaviy va maxfiy ma’lumotlarga yetishadi;
— Sanksiyalarni chetlab o‘tish: Pxenyan xavfsizlik choralarini aylanib o‘tishda «juda murakkab va ixtirochan» usullarni qo‘llaydi, bu esa uning kiberdasturini dunyodagi eng moslashuvchanlardan biriga aylantiradi.
Kreml bilan alyans
Xakerlikdan tashqari, daromadning yana bir muhim manbai Rossiya bilan harbiy hamkorlikdir. Ekspertlar bahosiga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlash uchun taxminan 14 mlrd dollarlik qurol va hatto harbiy kuchlar yuborgan.
Bu hamkorlik Kim Chen Inga nafaqat moliyaviy foyda keltiradi:
— Jang tajribasi: shimoliy koreyalik harbiylar zamonaviy urush tajribasini amalda oladi;
— Texnologik almashinuv: Rossiya KXDRga harbiy texnologiyalardan foydalanish imkonini bermoqda, bu esa qit’alararo ballistik raketalarni takomillashtirishga yordam beradi.
Jahon miqyosidagi tahdid
Hisobotda ta’kidlanishicha, sanksiyalar samaradorligi pasaymoqda, chunki KXDR barqaror va nazorat qilish qiyin bo‘lgan daromad manbalarini yaratgan. Rejimning Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSHga qarshi asimmetrik imkoniyatlardan foydalanishga tayyorligi mintaqaviy va global barqarorlik uchun «jiddiy tahdid» sifatida baholanmoqda.
Pxenyan o‘z yadroviy arsenalini kengaytirish siyosatidan voz kechmayapti. Bu esa tez-tez o‘tkazilayotgan sinovlar va uran boyitish quvvatlarining faol rivojlanishi bilan tasdiqlanmoqda.





