Radarlar ham jarima ballari yozmoqda, haydovchi YPX xodimiga musht tushirdi, O‘zbekiston besh oydan buyon oltin sotmadi. Tramp Eronni «tosh davri»ga qaytarmoqchi — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda va dunyoda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.
O‘zbekiston ketma-ket beshinchi oy oltin sotmadi
Hafta davomida O‘zbekiston tashqi savdosiga oid e’lon qilingan ma’lumotlar orasida oltin eksportining to‘xtab qolgani alohida e’tiborni tortdi. Rekord darajadagi narxlarga qaramasdan, mamlakat ketma-ket besh oy oltin sotmagani iqtisodiy muhokamalarni kuchaytirdi.
2026-yil yanvar–fevral oylarida tashqi savdo aylanmasi 11,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Eksport 23,4 foizga qisqarib, 3,5 mlrd dollarga tushgan bo‘lsa, import 29,8 foizga o‘sib, 8,1 mlrd dollarga yetdi. Natijada, dastlabki ikki oyning o‘zida 4,5 mlrd dollarlik salbiy savdo balansi shakllandi.
Asosiy savdo hamkori sifatida Xitoy yetakchilik qilmoqda, keyingi o‘rinlarda Rossiya va Qozog‘iston. Shu bilan birga, Turkiya va Germaniya bilan savdoda pasayish kuzatilgan.
Agar yil davomida narxlar shu ko‘rinishda saqlanib qoladigan bo‘lsa, O‘zbekiston oltin savdosi uchun qulay vaziyatni o‘tkazib yuborgan bo‘ladi.
Mast haydovchi YPX xodimiga musht tushirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda hafta ichida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea — «Malibu»ni mast holda boshqargan erkakning YPX xodimiga musht tushirgani bo‘ldi.
30-mart kuni tunda Yashnobod tumanida «Malibu» va «Lipmotor» avtomashinalari ishtirokida to‘qnashuv yuz bergan. «Lipmotor» haydovchisi tortishuv sabab 102 raqamiga murojaat qilib, davlat raqamisiz «Malibu» haydovchisi unga nisbatan qo‘pollik qilayotganini bildirgan.
Voqea joyiga yetib kelgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari holatni rasmiylashtirish chog‘ida «Malibu» haydovchisiga alkotester orqali tekshiruvdan o‘tishni taklif qilgan. Biroq u qonuniy talabga bo‘ysunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan.
YPX xodimining aytishicha, haydovchi avval uni haqorat qilgan va ichki ishlar bo‘limiga borish aytilganda musht tushirgan. Boz ustiga u akasi podpolkovnik ekanini aytib, ichki ishlar xodimlariga dag‘dag‘a qilgan.
Qo‘lga olingan haydovchi o‘z xatosini tan olib, pushaymonligini bildirgan va xodimlardan uzr so‘ragan.
Toshkent shahrida YPX xodimiga kuch ishlatgan haydovchi Bobur Pardayevga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi. Uning ishiga aralashib, xizmat vakolatini suiiste’mol qilgan akasi — Sirdaryo viloyati IIB mas’ul xodimi, podpolkovnik Sherzod Pardayev lavozimidan ozod etildi.
Kamera va radarlar jarima ballari yozadi
Yo‘llardagi kamera va radarlar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi haftaning muhim yangiliklaridan biriga aylandi.
Ilgari jarima ballari faqat YPX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblanar edi.
Jarima ballarining miqdori qoida turiga qarab belgilanadi — masalan, tezlikni oshirish, qizil chiroqdan o‘tish, yoki qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish kabi holatlarda ko‘proq ball hisoblanadi.
Jarima ballari «E-jarimaball» tizimi orqali avtomatik yuritiladi va hisob birinchi qoidabuzarlikdan boshlab, bir yil davom etadi. Agar shu muddat ichida haydovchi jami 12 ball to‘plansa, ish avtomatik ravishda sudga yuboriladi.
Bunday holatda haydovchi 6 oydan 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
Toshkentda avtobus piyodalarni bosib ketishiga sal qoldi
Hafta davomida yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq yana bir jiddiy holat yuz berdi: Sergeli tumanida avtobus haydovchisi piyodalarga yo‘l bermay, ular hayotini xavf ostiga qo‘ydi. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi va mas’ullar qat’iy chora ko‘rishga majbur bo‘ldi.
30-mart kuni 12-avtobus saroyi filiali tasarrufida bo‘lgan avtobus haydovchisi S.A. avtobusni Sergeli tumani “Yangi Sergeli” ko‘chasi bo‘ylab boshqarib ketayoganida piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodalarga yo‘l bermagan.
Sodir etilgan holat mas’ullar ishtirokida tanqidiy muhokama qilingan. Kelgusida shu kabi ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish va bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida haydovchi A.S. bilan korxona o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Javohir Sindorov Fabiano Karuanani mag‘lub etdi
Shaxmat muxlislari uchun hafta yangiligi: Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida AQSH vakili Fabiano Karuanani mag‘lub etib, 4 turdan keyin yakka peshqadamlikni qo‘lga kiritdi va jahon toji uchun da’vogar bo‘ldi.
Kiprning Pafos shahrida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha Nomzodlar turnirining 4-turida o‘zbekistonlik Javohir Sindorov navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. U ushbu turda dunyo reytingida yuqori o‘rinlarda turuvchi AQSH vakili Fabiano Karuanaga qarshi dona surdi.
Javohir Sindorov shaxmat tarixida jahon toji uchun da’vogarlik qilish imkonini beruvchi ushbu nufuzli turnirda ishtirok etayotgan ilk o‘zbekistonlik shaxmatchi hisoblanadi.
Ayni paytda jahon grossmeystrlari ro‘yxatida Nodirbek Abdusattorov 4-o‘rinda, Javohir Sindorov esa 5-o‘rinda bormoqda. 1-o‘rinda norvegiyalik Magnus Karlsen.
«Siti»dagi oyning eng yaxshi futbolchisi
Husanov «Manchester Siti»da mart oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
O‘zbekistonlik himoyachi ovoz berish jarayonida Rodri va Jeremi Dokuni ortda qoldirib, «shaharliklar» safidagi uchinchi shaxsiy sovrinini qo‘lga kiritdi.
Abduqodir Husanov mart oyi davomida «shaharliklar» safida uchta musobaqa doirasida jami 6 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Oyning eng muhim voqeasi 22-mart kuni «Uembli» stadionida yuz berdi: Angliya Liga kubogi finalida «Manchester Siti» «Arsenal»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu g‘alaba Husanov uchun Manchester klubidagi ilk sovrin bo‘ldi.
Bu o‘zbekistonlik himoyachi uchun «Manchester Siti»dagi faoliyati davomida uchinchi bor «Oyning eng yaxshi futbolchisi» deb topilishidir. U bundan avval 2025-yil yanvar va 2026-yil fevral oylarida ham g‘olib deb topilgan edi.
Toshkent viloyatida 4 nafar egizak tug‘ildi
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimi oilasida 4 nafar egizak farzand dunyoga keldi.
Ma’lumotga ko‘ra, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi, 29 yoshli safdor Odiljon Abdullayev joriy yilning 29-mart kuni 4 nafar (2 nafari o‘g‘il, 2 nafari qiz) egizak farzandli bo‘lgan.
Ona va chaqaloqlarning umumiy ahvoli yaxshi bo‘lib, ular malakali mutaxassislar nazorati ostida.
Oilada bungacha 1 nafar farzand bo‘lgan. Endi ular biryo‘la 5 farzandni voyaga yetkazishadi.
Tramp Eronni «tosh davri»ga qaytarmoqchi
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronni 2–3 hafta ichida «tosh davri»ga qaytarish bilan tahdid qildi. U xalqqa murojaatida harbiy amaliyot yakunlanishiga oz qolganini e’lon qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar Tehron kelishuvga rozi bo‘lmasa, AQSH barcha elektr stansiyalariga bir vaqtda zarba berishi mumkin. Harbiy harakatlar boshlanganiga 32 kun bo‘lsa-da, prezident Eronning qo‘shinlari va rahbarlari «yo‘q qilinganini» ta’kidladi.
AQSH Eronga urushni tugatish bo‘yicha 15 banddan iborat reja taklif etdi. Unda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish, raketa dasturini cheklash, yadroviy obyektlarni demontaj qilish va boyitilgan uranni topshirish talablari bor. Vashington evaziga sanksiyalarni bekor qilish va fuqarolik yadro energetikasiga yordam berishni va’da qilmoqda. Trampning aytishicha, Tehron ba’zi bandlarga rozi bo‘lgan, ammo rasman muzokaralarni rad qilmoqda.
Tramp dunyoning 20% nefti va 30% gazi harakati bog‘liq Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish muhimligini ta’kidladi. AQSH muzokaralar uchun 6-aprelgacha imkon bergan, aks holda «tosh davri» ssenariyi ishga tushishi mumkin.
Bu tahdidlarga javobon Eron ham Fors ko‘rfazi sohillaridagi arab davlatlariga hujum qilishi bilan javob berishini e’lon qildi. Nishonga olinuvchi Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayndagi strategik ko‘priklar ro‘yxati ham e’lon qilindi.
Ramzan Qodirov asosiy vorissni o‘zgartirdi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov endi o‘zining 18 yoshli o‘g‘li Adamni asosiy voris sifatida ko‘rmayotgani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, endi asosiy voris sifatida Qodirovning to‘ng‘ich o‘g‘li — Ahmat Qodirov nomzodi ko‘rilmoqda. U so‘nggi paytlarda otasining yonida tez-tez ko‘rinish bermoqda va muhim uchrashuvlarda ham unga hamrohlik qilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Adamning maqomi yaqinda yuz bergan yo‘l-transport hodisasi ortidan pasaygan. Hodisa vaqtida Qodirov o‘g‘li uchun jiddiy xavotirga tushgani, hatto Moskvadagi yuqori lavozimli shaxslardan yordam so‘rashga majbur bo‘lgani aytilmoqda. Keyinchalik Adamning sog‘-omon ekani ma’lum bo‘lgach, Qodirov bundan qattiq jahli chiqqani ta’kidlanmoqda.
Теглар






