Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil qilinadi
Markazda tartibga solish «qumdoni» doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valutada to‘lash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir ma’lumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin bo‘ladi.
© Foto: president.uzO‘zbekistonda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil qilinadi. Bu haqdagi taklif bugun, 25-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’qullandi.
Davlat rahbari huzuridagi taqdimotda mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan uchta ustuvor yo‘nalish – xalqaro moliya va raqamli texnologiyalar markazlarini tashkil etish hamda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ulardan birinchisi Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilishi bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish «Enterprise Uzbekistan» brendi ostida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish va rivojlantirishdir.
Taqdimotda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun 2100-yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgani ma’lum qilindi. Markazda tartibga solish «qumdoni» doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valutada to‘lash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir ma’lumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin bo‘ladi. Intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar, startaplar va eksport uchun qulay sharoitlar yaratiladi, bojxona va soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplar hamda ma’lumotlar markazlari ushbu markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda.
Taqdimotda 2030-yilgacha mazkur markaz orqali 1 mingtagacha kompaniyani jalb qilish, 300 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish va 5 milliard dollarlik eksport salohiyatiga chiqish maqsadi belgilangani aytildi. Bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu tashabbusga qiziqish bildirgani qayd etildi.
Davlat rahbari mazkur taklifni amaliyotga tatbiq etish ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.





