Logo

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni ogohlantirdi

Бугун 10:252 дақиқа

Raqobat qo‘mitasi aholini «Tashabbusli budjet» loyihasi doirasida ovoz uchun pul va’da qilayotgan norasmiy botlar va reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi.

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni ogohlantirdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni «Tashabbusli budjet» loyihasi doirasida ovoz berish evaziga pul taklif qilayotgan norasmiy Telegram-botlar va reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, «Tashabbusli budjet» loyihasi fuqarolarning budjet jarayonlarida ishtirokini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, unda ovoz berish mutlaqo ixtiyoriy hisoblanadi. Amaldagi tartibga muvofiq, ovoz berish uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi va ishtirokchilarga moddiy rag‘batlantirish berilmaydi.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy Telegram-botlar orqali ovoz berish evaziga pul mukofoti va’da qilinayotgani qayd etildi. Qo‘mita bunday holatlar fuqarolarni chalg‘itishi va jarayon shaffofligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.

Norasmiy botlar aniqlangan

Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlarida ayrim blogerlar uchinchi shaxslar manfaati yo‘lida norasmiy botlar orqali haq evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgani aniqlangan.

Shuningdek, mazkur reklamalarda «rasmiy» degan ifodalar hamda «Ochiq budjet» portali logotipiga o‘xshash belgilardan foydalanilgani fuqarolarni adashtirish xavfini oshirishi qayd etildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, O‘tkir Shodmonov, Abdurasul Ibroximov, Asilbek Amirov va Jasur Shodiyev kabi blogerlarga ogohlantirish va tushuntirishlar berilgan, qonunchilik talablariga zid reklamalar esa olib tashlangan.

Faqat rasmiy platformalar orqali

Qo‘mitaga ko‘ra, «Tashabbusli budjet» loyihasida ovoz berish faqat «Ochiq budjet» axborot portali, uning Android va iOS mobil ilovalari hamda Telegram'dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi.

«Fuqarolardan ushbu jarayonda faqat rasmiy manbalarga ishonish, har qanday norasmiy takliflarga aldanmaslik va bu kabi holatlarga duch kelganda tegishli idoralarga xabar berishlarini so‘raymiz», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi «Tashabbusli budjet» jarayonlarida qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan monitoringlar davom etayotganini va norasmiy botlar hamda chalg‘ituvchi reklamalar aniqlangan taqdirda qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Теглар

Мавзуга оид