Logo

Raqobat qo‘mitasi monopol korxonalarni asossiz narx oshirmaslikka chaqirdi

15.06.2026 | 11:552 дақиқа

2026 yil 1-iyundan yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshirilgani ortidan Raqobat qo‘mitasi monopol va tabiiy monopoliya subyektlarini mahsulot va xizmatlar narxlarini iqtisodiy jihatdan asossiz ravishda oshirmaslikka chaqirdi.

Raqobat qo‘mitasi monopol korxonalarni asossiz narx oshirmaslikka chaqirdi

Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ustun mavqega ega korxonalar faoliyati hamda ular qo‘llayotgan narxlar doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda.

Qayd etilishicha, 1-iyundan yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining 10 foizga oshirilishi ayrim mahsulot va xizmatlar tannarxiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi tabiiy hisoblanadi. Biroq bu holat monopol va tabiiy monopol mahsulotlar hamda xizmatlar narxlarini iqtisodiy jihatdan asoslanmagan tarzda oshirish uchun sabab bo‘la olmaydi.

Qo‘mita tomonidan monopol va tabiiy monopol mahsulotlar tannarxida yoqilg‘i-energetika resurslarining ulushi hamda ular narxining oshishi mahsulot qiymatiga ta’siri oldindan prognoz qilingan. Shuningdek, avval mahsulot va xizmatlar narxlarini haqiqiy xarajatlarga nisbatan yuqori darajada shakllantirgan ustun mavqega ega korxonalarga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan.

Amaldagi qonunchilik talablari

Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi monopol va tabiiy monopol korxonalarni narxlarni belgilashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Qo‘mita har qanday asossiz narx oshirish holatlariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, monopol mahsulotlar va xizmatlar narxlari iqtisodiy asoslantirilmasdan oshirilgani aniqlansa, qonunchilikda nazarda tutilgan moliyaviy jarimalar va boshqa ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin.

Raqobat qo‘mitasi bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.

1-iyuldan «O‘zbekiston temir yo‘llari» vagonlarni yetkazib berish va olib chiqish xizmatlari tariflarini oshirishi haqida xabar bergan edik. Shuningdek, manyovr ishlari va logistik xizmatlar uchun yangi narxlar joriy etilgan.

Теглар

Мавзуга оид