Raqobat qo‘mitasi Qurbon hayiti oldidan savdogarlarni ogohlantirdi
Qurbon hayiti arafasida oziq-ovqatga talab kuchayishi kutilar ekan, Raqobat qo‘mitasi savdo tarmoqlarini narxlarni barqaror ushlashga chaqirdi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaRaqobat qo‘mitasi mamlakatdagi yirik savdo tarmoqlari hamda hududlardagi savdo komplekslariga Qurbon hayiti arafasida ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini barqaror saqlash muhimligi haqida ogohlantirish yubordi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bayram oldidan ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga talab keskin ortishi mumkin. Bunday vaziyat esa mahsulotlar ta’minoti, logistika jarayonlari va yetkazib berish zanjirlarida qo‘shimcha bosim paydo qilishi ehtimolini yuzaga keltiradi.
Shu munosabat bilan chakana savdo tarmoqlariga hamda hududlarda faoliyat yurituvchi savdo komplekslariga yetkazib beruvchi korxonalar faoliyatini doimiy kuzatib borish vazifasi yuklatildi.
Qo‘mita ko‘rsatmalari
Qayd etilishicha, mahsulot yetkazib beruvchilar tomonidan narxlarni o‘zgartirish, logistika xarajatlari oshishi yoki mahsulot qiymatiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar haqida Raqobat qo‘mitasiga tezkor tarzda axborot taqdim etilishi lozim.
Shuningdek, savdo tarmoqlari va komplekslarga hamkor korxonalarni asossiz narx oshirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirib borish vazifasi ham belgilangan.
Qo‘mita aholi uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy mahsulotlar narxi keskin o‘zgarmasligi uchun o‘z vakolatlari doirasida barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Qurbon hayiti 27-may kuniga to‘g‘ri keladi.
Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand oilalarga yordam berish, 10 mingdan ortiq bolada murakkab operatsiyalar o‘tkazish hamda qariyb 2 ming nafar og‘ir kasallikka chalingan fuqarolarni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Shuningdek, hayit arafasida ehtiyojmand oilalar, bemor bolalar va masjidlar uchun jami 690 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilangan.





