«Real Sanjik» ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi 20-iyul kuni davom etadi
Toshkent shahar sudi «Real Sanjik» nomi bilan tanilgan Sanjar Karimov ishi yuzasidan ma’lumot berdi.
© Фото: Kun.uzFiribgarlikda ayblangan tadbirkor va bloger Sanjar Karimov («Real Sanjik») jinoyat ishi bo‘yicha apellyatsiya sudining navbatdagi majlisi 20-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Sudlanuvchining advokati tomonidan o‘tkazib yuborilgan shikoyat berish muddati tiklanib, u sud protsessida ishtirok etishga qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Advokatning da’vosi va aniqlangan faktlar
Oldinroq sudlanuvchining advokati Oybek Ashurov apellyatsiya shikoyati sud tomonidan qabul qilinmagani va jarayon asossiz qoldirilayotgani haqida aytgan edi. Toshkent shahar sudiga ko‘ra, advokatning ushbu murojaatidan so‘ng sud majlisi boshqa kunga qoldirilib, holat o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, advokat birinchi instansiya sudi hukmiga nisbatan o‘zi ta’kidlaganidek 18-may kuni emas, balki 30-iyun kuni tuman sudiga elektron tartibda apellyatsiya shikoyati taqdim etgan.
Bu vaqtga kelib shikoyat berish muddati o‘tgan bo‘lsa-da, hukm hali qonuniy kuchga kirmagani hamda ish sudlanuvchining boshqa advokatlari tomonidan o‘z vaqtida berilgan apellyatsiya shikoyatlari asosida apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilayotgani inobatga olinib, muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan.
Natijada advokat boshqa himoyachilar qatori bugungi sud majlisida ishtirok etgan. Toshkent shahar sudi matbuot xizmati advokatlarning odil sudlovni amalga oshirishdagi o‘rni alohida ekanini ta’kidlab, shu bilan birga, ularni OAV orqali shaxsiy huquqiy pozitsiyasini aniq isbotlangan fakt sifatida taqdim etib, jamoatchilikni chalg‘itishdan tiyilishga chaqirdi.
Avvalgi sud hukmi va ayblovlar
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 8-may kuni sudya Bahrom Berdiyev raisligida Sanjar Karimovga nisbatan birinchi instansiya sudi hukmi o‘qilgan edi. O‘shanda firibgarlik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilgan «Real Sanjik» 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Shuningdek, unga bazaviy hisoblash miqdorining 410 baravari (168 million 920 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Sudlanuvchi sud jarayonidagi so‘nggi so‘zida o‘zini «chiroyli qilib podstava qilishgani»ni ta’kidlagan edi.





