«Real Sanjik» ustidan sud boshlandi
Sanjar Karimov o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, firibgarlik hamda narkojinoyat moddalari bilan ayblanmoqda.

Bugun, 10-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ijtimoiy tarmoqlar orqali «Real Sanjik» taxallusi bilan tanilgan, «Finans invest» KSB ta’sischisi Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilishi boshlandi. Bu haqda sud zalidan VAQT.UZ muxbiri xabar berdi.
U Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 168-modda 4-qismi a-bandi (Firibgarlik), 273-modda 2-qismida (Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilofravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda. Mazkur jinoyat ishi sudya Bahrom Berdiyev raisligida ko‘rib chiqilyapti. Jinoyat ishida 2 nafar jabrlanuvchi bor.
Birinchi sud majlisida davlat ayblovchisi Qosimov sudga OAV faoliyatini cheklash to‘g‘risida iltimosnoma kiritdi.
Sudya Bahrom Berdiyev prokurorning iltomosnomasini qisman qanoatlantirib, OAV vakillariga to‘g‘ridan to‘g‘ri efir hamda video tasvirga olishni cheklash haqida ajrim chiqardi. Lekin audio hamda fotomateriallar olishiga ruxsat berildi.
Gap nimada o‘zi?
36 yoshli mashhur avtobloger Sanjar Karimov o‘tgan yili ko‘plab muhokamalar va jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan aldangan toshkentlik qiz voqeasiga aloqador. Ushbu ishda u guvoh sifatida qatnashgan.
2025-yil oktabr oyida qiz «Instagram»dagi sahifasida o‘zi va oilasi firibgarlik qurboni bo‘lganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qizga uylanishi rejalashtirilgan kuyov qizning qariyb 70 yoshga kirgan ota-onasini ular yashab turgan uyni 12 kunga vaqtincha «garovga qo‘yishga» ko‘ndirgan. Aslida esa yigit uyni oldi-sotdi sifatida rasmiylashtirib, bloger Sanjar Karimovga o‘tgan.
Qizning ta’kidlashicha, bitim vaqtinchalik garov sifatida taqdim etilgan va oila pul olmagan. Karimovning o‘zi esa uyni barcha oila a’zolarining ixtiyoriy roziligi bilan rasman 240 ming dollarga sotib olganini aytgan.
Yigitga nisbatan firibgarlikning bir nechta epizodlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga yuborilgan va u 21-noyabr kuni u 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Jabrlanuvchi oilaning advokatlari jinoyat ishi bo‘yicha ko‘rsatmalarda ishtirok etayotgan blogerning harakatlariga huquqiy baho berishni talab qildi. Sudya iltimosnomani qanoatlantirib, prokurorni xabardor qilishga qaror qilgan.
Sudning 2025-yil 28-noyabrdagi ajrimi bilan Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, blogerga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.
Теглар






