Rossiya Davlat dumasi OAVlarga sud qarorisiz amaldorlarni ayblashini taqiqlovchi qonunni ko‘rib chiqmoqda

Бугун 08:252 дақиқа

Rossiyada «ayblovchi ma’lumot» tushunchasi joriy etilishi mumkin: unga ko‘ra, sud qarori chiqmasdan turib amaldorlar yoki shirkatlarni noqonuniy xatti-harakatlarda gumon qilish OAV uchun taqiqlanadi.

Rossiya Davlat dumasi OAVlarga sud qarorisiz amaldorlarni ayblashini taqiqlovchi qonunni ko‘rib chiqmoqda

Tatarston Davlat kengashi tomonidan Davlat dumasiga kiritilgan qonun loyihasi OAV va jurnalistlarning faoliyatini keskin cheklashni nazarda tutadi. Hujjatga ko‘ra, sudning yakuniy qarori kuchga kirmaguncha, biror shaxs yoki yuridik shaxs haqida «ayblovchi ma’lumot» tarqatish mumkin emas.

Eng e’tiborli jihati, jurnalistlarning «taxminlarga ko‘ra», «manbalar xabariga ko‘ra» yoki «ehtimol» kabi ehtiyotkor iboralardan foydalanishi ham javobgarlikdan ozod qilmaydi. Agar material o‘quvchida «ayblov» taassurotini uyg‘otsa, bu qonunbuzarlik deb hisoblanadi.

Ushbu tashabbus doirasida jarimalar miqdori ham belgilangan: fuqarolar uchun 300 ming rublgacha, mansabdor shaxslar uchun 700 ming va yuridik shaxslar uchun 2 mln rublgacha. Qonun mualliflari buni «aybsizlik prezumpsiyasi» va inson qadr-qimmatini himoya qilish zarurati bilan izohlashmoqda. Biroq, ekspertlar va mustaqil nashrlar bu chora korrupsiyaga qarshi surishtiruvlarni butunlay to‘xtatib qo‘yishidan xavotirda.

Jurnalistik surishtiruvlarga zarba

Yangi qonun loyihasi nafaqat ma’lumot tarqatishni, balki jurnalistik surishtiruvlar asosida tekshiruvlar o‘tkazishni ham cheklaydi. Endi davlat nazorati organlari jurnalistlar tomonidan «noqonuniy yo‘l bilan» olingan ma’lumotlar asosida rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkaza olmaydi. Bu yerda «yashirin audio va videoyozuvlar», «cheklangan hududlarga kirish» va «tijorat sirini qo‘lga kiritish» orqali to‘plangan dalillar yaroqsiz deb topiladi.

Bu o‘zgarishlar OAVning jamiyatdagi nazoratchilik funksiyasini deyarli yo‘qqa chiqaradi. Hatto eng ehtiyotkorlik bilan yozilgan korrupsiya haqidagi maqolalar ham «bilvosita ayblov» sifatida baholanib, nashrni yirik jarimaga tortishga asos bo‘lishi mumkin.

«Baza» telegram kanalining qayd etishicha, qonun qabul qilinsa, amaldorlar va biznesmenlarning nojo‘ya harakatlari haqidagi har qanday tanqidiy material qonundan tashqariga chiqib qoladi.

Himoya niqobidagi senzura

Qonun loyihasining tushuntirish xatida aytilishicha, bu choralar shaxsning ishchanlik obro‘sini himoya qilish uchun zarur. Biroq, amalda bu korrupsiya va mansab vakolatini suiiste’mol qilish holatlarini yoritishni imkonsiz qiladi. Sud jarayonlari yillab davom etishi mumkinligini inobatga olsak, OAV faqat eskirgan va jamiyat uchun qiziqishini yo‘qotgan sud qarorlarinigina e’lon qilish bilan cheklanib qoladi.

Shuningdek, davlat organlariga kelib tushadigan shikoyatlar faqat «qonuniy yo‘l bilan olingan tasdiqlovchi materiallar» bo‘lgandagina ko‘rib chiqiladi. Bu degani, agar fuqaro biror amaldorning qonunbuzarligini yashirincha videoga olib, shikoyat qilsa, bu dalil sifatida qabul qilinmasligi mumkin. Bunday yondashuv davlat boshqaruvida shaffoflikni kamaytirib, ijtimoiy nazoratni zaiflashtirishi tayin.

Теглар

Мавзуга оид